Termizda Afgʻoniston iqtisodiyotiga mutaxassislar tayyorlash uchun taʼlim klasteri tashkil etiladi

    Xalqaro hamkorlik 3 Dekabr 2022 684

    1-dekabr kuni Polshada oʻtkazilgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining 29-yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi TIV rahbari Vladimir Norov Afgʻoniston masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov YXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishida soʻzlagan nutqida Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishi va xavfsizligi istiqbollari qoʻshni Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlash bilan uzviy bogʻliqligini taʼkidladi.

    «Xalqaro hamjamiyatning ustuvor vazifalari Afgʻonistondagi insoniy halokatining oldini olish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash va mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga integratsiya qilish, bu mamlakatda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishdan iborat boʻlishi kerak, – dedi V.Norov.

    Oʻzbekiston TIV rahbari yigʻilish ishtirokchilari eʼtiborini Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash va gumanitar yordam koʻrsatish borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga qaratdi. Strategik muhim loyiha “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻl loyihasini amalga oshirilishi Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash, Afgʻonistonni iqtisodiy hamkorlikka jalb etish va uni bu ikki mintaqani bogʻlaydigan koʻprikka aylantirish uchun katta imkoniyatlar ochadi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Prezidentining BMT shafeligida xalqaro muzokaralar guruhini tuzish tashabbusini amalga oshirish Afgʻoniston hukumati tomonidan oʻz majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarish algoritmini ishlab chiqish va kelishish uchun muhim platforma yaratadi.

    Vladimir Norov YXHT hamkorlarini uzoq qiyin vaziyatdagi afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatish uchun Termiz shahridagi Xalqaro transport va logistika xabidan foydalanishga, shuningdek, Afgʻoniston iqtisodiyoti uchun mutaxassislar tayyorlash uchun Termiz shahrida Taʼlim klasterini tashkil etishni qoʻllab-quvvatlashga taklif qildi.