Shu yil 8-12-aprel kunlari “Termiz xalqaro savdo markazi”da “Made in Uzbekistan” koʻrgazma-yarmarkasi oʻtkazilmoqda.
Kuni-kecha mazkur xalqaro koʻrgazma-yarmarkasining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.
Koʻrgazmada yurtimizning turli hududlaridan toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat sanoati, maishiy kimyo, farmatsevtika, qurilish materiallari va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi 200 nafardan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar hamda qoʻshni Afgʻoniston davlatidan 30 dan ortiq tadbirkorlar oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.
Shuningdek, kecha oʻtkazilgan uchrashuvlar davomida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi va Afgʻonistonning Balx viloyati Savdo-sanoat palatasi oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish, iqtisodiy-investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish, afgʻonistonlik tadbirkorlarni Xalqaro savdo markaziga jalb etish yuzasidan oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu tadbir Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun Afgʻoniston bozoriga chiqish, yangi hamkorlar topish va oʻzaro manfaatli shartnomalar tuzishda muhim maydon hisoblanadi.
Tadbir 12-aprel kuniga qadar davom etadi.









