Termizda Oʻzbekiston -Afgʻoniston biznes-forumi oʻz ishini boshladi

    Biznes 25 May 2021 1496

    Bugun Termiz shahridagi Sanʼat saroyida Oʻzbekiston — Afgʻoniston biznes-forumi oʻz ishini boshladi.

    Biznes-forum va boshqa qoʻshma tadbirlarda ishtirok etish uchun Afgʻoniston biznes hamjamiyatining 70 dan ortiq vakili, shuningdek, qator viloyatlarning hokimlari va mutasaddilari kelgan.

    Tashqi ishlar vazirligining iqtisodiy diplomatiya boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, tadbirlarda qator mahalliy korxonalar oʻz mahsulotlarini namoyish etmoqda. Shuningdek, ular afgʻonistonlik hamkorlari bilan eksport va investitsiya masalalari boʻyicha muzokaralar oʻtkazadi.

    Termizdagi Sanʼat saroyi binosi va unga tutash ochiq maydonlarda Surxondaryo viloyatining barcha tumanlari, shuningdek, Toshkent, Fargʻona, Namangan, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahrining ishlab chiqarish va eksport salohiyati namoyish etilmoqda.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yil yanvar-aprel oylarida Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi savdo aylanmasi 234 million 600 ming dollarni (+9%) tashkil etdi. Xususan, eksport hajmi 234 million dollarga (+9,1%), import esa 600 ming dollarga teng boʻldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.