Tadbir afgʻon tomonining iltimosiga binoan Afgʻonistonga import mollarini tranzit tashuvi bilan bogʻliq masalalarni hal etish maqsadida tashkil etildi. Muloqot dastavval eng zarur xalq isteʼmol tovarlari – oziq-ovqatlar, dori-darmon, tibbiy anjomlar, kiyim-kechak va yoqilgʻi xususida bordi, deya xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati.

Uchrashuvda muhokama etilgan masalalar, jumladan Afgʻonistonda yuzaga kelgan ogʻir gumanitar vaziyat davrida mamlakatga yuklarni yetkazib berish va tranzit oʻtkazishda mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Yigʻilish soʻnggida tomonlar eng dolzarb chegaraoldi masalalari yuzasidan ishchi aloqalarini davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.