Termizda xalqaro savdo markazi ochildi

    Xabarda aytilishicha, majmuadan to'rt mingta do'kon uchun joy, ishlab chiqarish logistika zonasi, tibbiyot markazi va restoran o'rin olgan. Loyihaga 75 million dollardan ortiq investitsiya kiritilgan.

    Hozirda majmuaning bir qismi ochilgan bo'lsa, 2023-yilning birinchi choragida to'liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Savdo markazidan keladigan yillik daromad 500 million dollarni, undagi xizmatlar hajmi esa 10 million dollarni tashkil etishi ma'lum qilingan.

    Majmuada hammasi bo'lib 1800 ta savdo shoxobchasi, shuningdek 300 o'rinli mehmonxona mavjud bo'ladi. Chet el fuqarolari va yuridik shaxslar bu yerdagi savdo o'rinlarini sotib olishlari yoki undan ijara asosda foydalanishlari mumkin.

    Afg'oniston fuqarolari biznes maqsadlari uchun majmuada 10 kungacha vizasiz bo'lishlari mumkin. Markazning ishga tushirilishi Afg'oniston bilan tovar ayirboshlash hajmini 1,2 milliard dollargacha oshirish imkonini beradi.