Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga koʻra, Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini qoʻshib yuborish orqali ularning negizida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti tashkil etiladi.
Muhandislik, qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash Universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
2024/2025 oʻquv yilidan Universitetda Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi.
Bunda, yirik ishlab chiqarish korxonalari Ilgʻor muhandislik maktabiga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.
2025/2026 oʻquv yilidan:
— universitet professor-oʻqituvchilari va doktorantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuboriladi;
— universitetning bakalavriat va magistratura bosqichlariga oʻqishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun xorijiy tillarda oʻqitiladigan alohida guruhlar tashkil etiladi.
— universitetga xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotining dasturi asosida oʻz taʼlim dasturlarini shakllantirish huquqi beriladi.
Shuningdek, Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 oʻquv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.