Termiz—Hayraton koʻprigi orqali fuqarolar harakati tiklandi

    Oʻzbekiston va Afgʻonistonni bogʻlab turuvchi Termiz—Hayraton koʻprigi orqali fuqarolarni oʻtkazish punktlari qayta ish boshladi.

    Bu haqda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi maʼlum qildi.

    Endi yoʻlovchilar ikki davlat orasida toʻgʻridan-toʻgʻri va xavfsiz tarzda harakatlanishi mumkin. Shu bilan birga, viza talabi oʻz kuchida qoladi.

    Maʼlumki, 2021-yilda fuqarolar harakati cheklangan, bu esa tadbirkorlarning Afgʻonistonga borishini sezilarli darajada qiyinlashtirgan edi: Ayritomdan 75 km masofada joylashgan (1 soatlik yoʻl) Mazori Sharifga yetib borish uchun tadbirkorlar Tojikiston orqali bir kunlik aylanma yoʻldan foydalanishga majbur boʻlgan. Endilikda bu cheklovlar bekor qilindi va yoʻl yana ochildi.

    Chegaradan oʻtish tartibining tiklanishi eksport qiluvchi korxonalar uchun katta qulaylik yaratadi. Afgʻonistonga eksport hajmi oxirgi yillarda barqaror oʻsmoqda va ayniqsa bu yoʻlning ochilishi bilan 2026-yilda eksport hajmini 2,5 mlrd dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

    Davlat tadbirkorlarni Afgʻoniston bozoriga chiqishda quyidagi imtiyozlar bilan qoʻllab-quvvatlamoqda:

    Hayraton yoki Mazori Sharifda ombor ochgan tadbirkorlar uchun omborni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar 100 foiz qoplab beriladi.

    Mahsulotlarni Afgʻonistonning 34 viloyatida reklama qilish xarajatlari — toʻliq kompensatsiya qilinadi.