Terroristik tashkilot faoliyatida ishtirok etgan shaxsga nisbatan sud hukmi oʻqildi

    Xavfsizlik 25 Fevral 2023 1316

    Unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

    Namangan shahrida yashovchi, 1999-y.t. fuqaro 2020-yilning sentyabr oyida mavsumiy ishlash maqsadida Turkiyaning Istanbul shahriga borib, tikuvchilik sexida ishlashi davrida internet orqali “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti sobiq yetakchisi “Abu Saloh”ning maʼruzalarini muntazam tinglashi natijasida, unda ekstremistik qarashlar shakllangan.

    Soʻngra “Tavhid va jihod katibasi” jangarilari safiga qoʻshilish maqsadida internet orqali mazkur tashkilotning 2 nafar aʼzosi bilan tanishib, ularning yoʻl-yoʻriqlari asosida 2021-yilning yanvar oyida Suriya davlatiga oʻtgan.

    U yerda harbiy tayyorgarlikdan oʻtib, “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti joylashgan hududni qoʻriqlash bilan shugʻullangan.

    Terrorizmga qarshi kurashish doirasida ushbu shaxsning qilmishlariga chek qoʻyilib, 2022-yilning iyun oyida u Oʻzbekistonga olib kelindi hamda Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Toʻraqoʻrgʻon tuman sudining hukmiga asosan mazkur fuqaro Jinoyat Kodeksining 155-2 moddasining 1-qismi va 244-2 moddasining 1-qismi bilan aybdor deb topilib, unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.