Test sinovlari paytida alohida kutish joylari tashkil qilinmaydi

    Ta'lim 18 Avgust 2020 876

    Bu haqda AOKA huzuridagi shtabda oʻtkazilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh Gʻiyosov maʼlum qildi.

    30-avgust kunidan boshlab, test hujjatlari Davlat feldyegerlik xizmatining masʼul xodimlari bilan hamkorlikda belgilangan manzillargacha patrul avtomashinalari yordamida, zaruriy maxsus vositalar bilan taʼminlangan ichki ishlar organi xodimlari tomonidan kuzatib boriladi.

    Sinovga kelgan har bir abituriyent tekshiruvdan oʻtkaziladi. Shuning uchun abituriyentlar oʻzlari bilan ortiqcha narsalarni olib kelmasliklarini soʻrab qolamiz. Faqat shaxsini tasdiqlovchi hujjat boʻlishi kerak. Abituriyentlar suv, qalam, tegishli jihozlar, tibbiy niqob bilan taʼminlanadilar.

    Ota-onalar va yaqinlar uchun alohida kutish joylari tashkil qilinmaydi. Test oʻtkaziladigan joylarga olib keluvchi avtomobil yoʻllari kamida 1,5 km radius masofada beton toʻsiqlar yoki yuk avtotrasporti bilan toʻsiladi. Ushbu hududlarda harakatlanish vaqtincha cheklanadi. Fuqarolarni va avtotransport vositalarini toʻplanishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bularning barchasi zaruriy xavfsizlik choralari boʻlib, ularning bajarilishi qatʼiy nazoratga olinadi.

    Abituriyentlardan test topshirish joylariga kamida 1 soat oldin kelishlari talab etiladi. Hozirda mahalliy xokimliklar tomonidan abituriyentlar uchun alohida avtobuslarni tashkil etish masalasi koʻrilmoqda. Natijasi yuzasidan qoʻshimcha ravishda axborot beriladi.

    Qoʻshimcha va oʻzgarishlar haqida rasmiy manbalarda eʼlon qilinib boriladi.