Bu haqda DTM direktori oʻrinbosari Sardor Rajabov AOKAda oʻtkazilayotgan brifingda maʼlum qildi.

Bunda, test sinovlari birinchi smenada 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchi smenada 17:00 dan 20:00 gacha boʻlib oʻtdi.

Test sinovlari Fargʻona viloyatida 10 kunda (11-sentyabr kuni), Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida 11 kunda (12 -sentyabr kuni), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida 12 kunda (13-sentyabr kuni) yakunlandi.

Test sinovlarida bir smenada 1975 ta guruhda 59 250 nafar abituriyent, bir kunda 3950 ta guruhda 118 500 nafar abituriyent ishtirok etishi uchun tayyorgarlik koʻrildi.

Jarayonga guruh nazoratchisi sifatida 3 705 nafar pedagog xodimlar jalb etildi.

Test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan 1 mln 304 ming 194 nafar abituriyentdan 1 mln 240 ming 614 nafari (95,1 %) ishtirok etdi.

63 ming 580 nafari esa (4,9 %) turli sabablarga koʻra test sinovlarida ishtirok etmadi.

Jami 1 187 nafar abituriyent turli sabablarga koʻra test sinovlaridan chetlatildi. Shundan 548 nafari hududga kirishda, 639 nafari esa test sinovi jarayonida aniqlangan.

Jumladan, hududga kirishda (eng koʻp kuzatilgan):

  • - 367 nafar abituriyent telefon olib kirishga uringani;
  • - 48 nafari shpargalka olib kirishga uringani;
  • - 118 nafari oʻringa oʻrin kirishga harakat qilgani;
  • - 10 nafari hujjat soxtalashtirgani uchun.

Test sinovi jarayonida (eng koʻp kuzatilgan):

  • - 491 nafar abituriyent telefondan foydalangani;
  • - 68 nafari shpargalkadan foydalangani;
  • - 27 nafari oʻringa oʻrin kirgani uchun test sinovlaridan chetlatildi.

Qolgan abituriyentlar kalkulyator olib kirishga uringanligi, shaxsi tasdiqlanmaganligi, oʻzaro gaplashganligi, test materiallarini almashtirgani, test materiallarini olib chiqishga uringanligi kabi turli sabablar bilan test sinovlaridan chetlatilgan.