Test sinovlariga hozirlik ko'rilmoqda

    Toshkent davlat texnika universitetining bakalavr taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga kiruvchi abituriyentlar uchun 2021/2022 oʻquv yili qabul jarayoni yuqori saviyada oʻtkazildi.

    Respublikamizning barcha oliy taʼlim muassasalari kabi Toshkent davlat texnika universitetida ham joriy yilgi qabul jarayonlari onlayn tarzda amalga oshirildi. 2021/2022 oʻquv yili qabul kvotasida Toshkent davlat texnika universitetiga 5421 ta joy ajratilgan boʻlib, bu oʻtgan yilga nisbatan 10 foizga koʻp demakdir. Oʻtgan yilgi qabul jarayonlaridan farqli ravishda oliy taʼlim muassasalariga toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga kirishda imtiyozi bor abituriyentlarni qabul qilish qabul kvotasi doirasidan tashqarida boʻlishi taʼminlangan. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab kirish test sinovlarida abituriyentlarga 5 ta fandan yaʼni 1-blok fanlarida 2 ta fan — har biridan 30 tadan, 2-blok fanlarida 3 ta fan — har biridan 15 tadan jami boʻlib 105 ta test savol beriladi va yuqori bal toʻplaganlar qabul kvotasi boʻyicha tanlagan oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga qabul qilinadi.

    Toshkent davlat texnika universitetining alohida iqtidor talab etiladigan “Dizayn: sanoat dizayni” taʼlim yoʻnalishiga hujjat topshirgan abituriyentlarga kasbiy (ijodiy) imtihonlar uchun imtihonlar dasturi va baholash mezonlari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tasdiqlanib, universitetning Veb-saytida joylashtirildi. Avvalgilardan farqli ravishda mazkur taʼlim yoʻnalishiga hujjat topshirgan abituriyentlarga kasbiy (ijodiy) imtihonlardan tashqari 3 ta majburiy fandan Davlat test markazi tomonidan test olinadigan boʻldi.

    Magistraturaga qabul qilishda mutaxassislik fanlaridan test sinovlari universitetning oʻzida olinishi rejalashtirilgan. Talabalarga mutaxassislik fanlaridan jami boʻlib 50 tadan test savollari (har bir toʻgʻri javob uchun 2 ball) beriladi hamda test topshirilgan kundan boshlab 3 kun ichida natijalar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga taqdim etiladi. Chet tilidan test sinovlari Respublika boʻyicha markazlashgan holda boʻlib oʻtadi. Fanlar boʻyicha sinov dasturi va abituriyentlarning bilimlarini baholash mezoni universitetning Veb-saytida joylashtirildi.

    Universitet qoshida Call markaz tashkil qilingan boʻlib, qabul komissiyasi abituriyentlar tomonidan berilayotgan barcha savollarga atroflicha javob bermoqda.