Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari B.Abidov, ITSV huzuridagi Oʻzbekiston texnik tartibga solish agentligi Bosh direktori R.Sattarov, tadbirkorlar va eksportchilar, shuningdek, idora ekspertlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlganligi sababli 2020-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning yalpi hajmi 2019-yilga nisbatan 13 foizga oshib, 367 trillion soʻmga yetganligi qayd etildi.

Bunday sharoitlarda hamda Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi yuzasidan muzokaralar faol bosqichida ekanligini va Yevropa Ittifoqi “GSP+” preferensiyalar bosh tizimi benefitsiar maqomiga ega boʻlganligini hisobga olgan holda, texnik reglamentlarini ishlab chiqish va joriy etish hamda ularni umum eʼtirof etilgan xalqaro texnik qoidalar bilan uygʻunlashtirish orqali ichki va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish dolzarb vazifa boʻlib hisoblanadi.

Texnik jihatdan tartibga solish tizimining xalqaro talablarga moslashuvi Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST), Yevropa Ittifoqi (YEI), Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqi (YEOII), Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) hamda boshqa davlatlar bilan hamkorligi jarayonida alohida oʻrin tutib, mamlakatlararo ishlab chiqarish va texnologik aloqalarni kengaytirish hamda oʻzaro savdo toʻsiqlarni olib tashlash uchun qulay sharoit yaratadi.

Taqdimotlar davomida soʻzga chiqqanlar standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi asosiy oʻzgarishlar va yangiliklar, xususan, “Oʻzstandart” Agentligi negizida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etilishi haqida soʻz yuritdilar. Agentlikning vazifalari texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalarida tarkibiy islohotlar va oʻzgarishlarni chuqurlashtirish hamda milliy sifat infratuzilmasini takomillashtirishdan iborat boʻladi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun 10 ta yoʻnalish boʻyicha 23 ta amaliy chora-tadbirlardan iborat “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan. Tadbir davomida hujjat yoʻnalishlari hamda ularni amalga oshirish muddatlari haqida batafsil maʼlumotlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Shuningdek, joriy etilgan yangi tartibga muvofiq, tadbirkorlar va eksportchilarga taqdim etilayotgan imtiyozlardan amalda foydalanish mexanizmlari ham atroflicha tushuntirildi.