Oʻzbekistonda texnik kannabis yetishtirishga 2020-yilda ruxsat berilgan edi. 2019-yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi chogʻida ikki tomonlama investitsiya shartnomasi imzolangan. Unga Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev va “Industrial Innovation Group” kompaniyasi bosh direktori Taryam Matar Taryam imzo qoʻygan edi. Oradan bir yil oʻtgach, mamlakatimizda sanoat maqsadlarida texnik kannabis yetishtirish, qayta ishlash va saqlashga ruxsat beruvchi Qonun qabul qilindi.

Bundan buyon litsenziyalangan yuridik shaxslar texnik kannabis yetishtirish, uni sanoat asosida qayta ishlash, sotish va boshqalar bilan bogʻliq faoliyat turlari bilan shugʻullanishlari mumkin.

Ushbu turdagi faoliyat bilan shugʻullanish uchun litsenziyalar olish maqsadidagi bojlar miqdori 2020-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-653-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasida koʻrsatilgan https://lex.uz/pdfs/5140909. Litsenziyalar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan beriladi.

Texnik kannabis katta salohiyatga ega boʻlib, sanoat sohasida tibbiyot, yoqilgʻi, toʻqimachilik, oziq-ovqat, qogʻoz, qurilish va boshqa tarmoqlar uchun xom ashyo sifatida faol foydalanib kelinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Axborot xizmati