Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, arizalar 25 iyulgacha (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali onlayn qabul qilinadi.
Qayd etilishicha, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlardan diplomning asl nusxasi talab etilmaydi. Faqat shaxsni tasdiqlovchi ma’lumotlarni kiritish kifoya bo‘lib, zarur ma’lumotlar tizim tomonidan avtomatik shakllantiriladi.
Texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga o‘qish davomida barcha semestrlar bo‘yicha o‘zlashtirish baholari «5» va «4» bo‘lgan, shuningdek, baholarining kamida 50 foizi «5» (a’lo), tibbiyot yo‘nalishlari uchun esa kamida 85 foizi «5» bo‘lgan bitiruvchilar kiradi.
Suhbat natijalariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasi komissiyasi a’zolari tomonidan qo‘yilgan ballarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 67 ball yoki undan yuqori bo‘lgan abituriyentlar suhbatdan o‘tgan deb hisoblanadi va to‘lov-kontrakt asosida 2-bosqichga talabalikka tavsiya etiladi.
Mazkur tartib oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, Toshkent davlat yuridik universiteti, shuningdek, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga tatbiq etilmaydi.
Texnikum bitiruvchilari OTMlarning 2-bosqichidan o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘lgan o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati bu yerda.