Mazkur majmuadagi texnogen chiqindilarni qayta ishlash jarayoni maʼdanni qazib olish, texnologik maydalash, saralash va tashish uchun xarajatlarning yoʻqligi bilan ajralib turadi. Bu esa, oʻz navbatida, zavodda ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini sezilarli darajada pasaytirish imkonini berdi. 2023-yilda zavodda 16 mln. tonna texnogen chiqindi qayta ishlangan boʻlsa, joriy yilning oʻtgan oʻn oyida ushbu koʻrsatkich 14 mln. tonnani tashkil etdi va yil yakuniga qadar yanada oshishi kutilmoqda.
“NKMK“ AJda 2024-yilga moʻljallangan qurilishning manzilli roʻyxatiga asosan kombinat mutaxassislari tomonidan 7-GMZning texnogen chiqindilarni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan loyiha boʻyicha qurilish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, kelgusida zavod sexlarida oʻrnatiladigan tegirmonlar, quyultirgichlar va boshqa qurilmalarning poydevori barpo etilmoqda hamda kommunikatsiya tarmoqlarni montaj qilish ishlari bajarilmoqda.
— Bugungi kunda zavodda yiliga 10 mln. tonna texnogen chiqindini qayta ishlash quvvatiga ega 4 ta yangi tegirmon barpo etilmoqda, — deydi 7-gidrometallurgiya zavodi bosh muhandisi oʻrinbosari Olimjon Ahatov. — Buning hisobiga zavodda tegirmonlar soni oʻntaga yetkaziladi va yillik qayta ishlash hajmini 25 mln. tonnaga oshirish imkoni yaratiladi. Shuningdek, zavodning qator sexlarini kengaytirish ham rejalashtirilgan. Bu kabi bunyodkorlik ishlari mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilishi tabiiy.
Taʼkidlash joizki, yangi tegirmonlar uchun zarur asbob-uskuna va ehtiyot qismlar mahalliylashtirilib, Navoiy mashinasozlik zavodi hamda Zarafshon taʼmirlash-mexanik zavodida tayyorlanyapti. Qurilish ishlari Zarafshon qurilish boshqarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
“NKMK“ AJ Matbuot xizmati.
Reklama