Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati (OʻzTMK) delegatsiyasi forumda faol ishtirok etdi va InfraVia, Toronto Stock Exchange, Trafigura, Beacon, Ximei Resources, Traxys kabi xalqaro miqyosdagi 50 ga yaqin yirik kompaniyalar bilan muzokaralar olib borib, istiqbolli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydi.
Qolaversa, konferensiya davomida OʻzTMK vakillari togʻ-kon sanoati uchun sunʼiy intellektga ixtisoslashgan “Intellisense.io” yetakchi kompaniyasi bilan memorandum imzolashga erishdi. Bu sunʼiy intellektni texnologik metallar sohasi hamda ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish boʻyicha mamlakatimizda muhim oʻzgarishlarni boshlab berishdagi muhim qadamlardan biridir. Ushbu kelishuv mineral resurslarni qidirish va qazib olish jarayonlarini yanada aniqroq va samarali qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish uchun samarali monitoring tizimlarini joriy qilishga koʻmak beradi.
Shuningdek, kombinat vakillari Markaziy Osiyo yetakchilari uchun “EIT RawMaterials” hududlararo markazi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida ham ishtirok etdi. Unda togʻ-kon sanoati, qayta tiklanadigan energiya manbalari, infratuzilmani integratsiyalash hamda shu kabi qator masalalar koʻrib chiqildi.