Texnopark” sanoat majmuasida qishloq xoʻjaligi va sanoat salohiyatining koʻrgazmasi tashkil etildi

    Xalqaro hamkorlik 17 Yanvar 2022 946

    Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida sanoat va qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar rejalashtirilmoqda.

    Turkmaniston hukumat delegatsiyasining tashrifi doirasida Toshkent shahridagi “Texnopark” sanoat majmuasi hududida Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi va sanoat salohiyatining koʻrgazmasi tashkil etildi.

    Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonning kimyo, neft-gaz, farmatsevtika, elektrotexnika, toʻqimachilik, ipak, charm-poyabzal yoʻnalishlariga bagʻishlangan stendlariga tashrif buyurdi. Qishloq xoʻjaligining turli sohalariga, jumladan, meva-sabzavotchilik, issiqxona xoʻjaliklari, urugʻchilik, kartoshkachilik, parrandachilik, baliqchilik va chorvachilikka oid stendlar ham namoyish etildi. Bundan tashqari, Turkmaniston delegatsiyasi rahbari keng turdagi xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan “Texnopark” ishlab chiqarish majmuasining sanoat quvvatlari bilan batafsil tanishdi.

    Turkmaniston tomoniga Oʻzbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish doirasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida ham maʼlumot berildi. Ikki mamlakat korxonalari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, istiqbolli sohalarda tajriba va texnologiyalar almashish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.