Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish va tadbirkorlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida ochiq muloqot platformalarini tashkil etish hisoblanadi.
Mazkur tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Qirgʻiz Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Ulukbek Karmishakov, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Qirgʻiziston Savdo-sanoat palatasi prezidenti Marat Sharshekeyev, shuningdek ikki davlatdan vazirlik, idoralari hamda jami 250 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari masʼul vakillari ishtirok etmoqda.
Toshkentda davom etayotgan Oʻzbekiston — Qirgʻiziston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishi avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov tadbirni ochib berarkan, ilk kalomini qirgʻiz tilida ifodalaganda, qoʻshni davlatdan kelgan mehmonlarning qizgʻin olqishlariga sazovor boʻldi.
Shundan soʻng S.Umurzoqov ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib, soʻnggi yillarda hamkorlik koʻlami yana-da kengayib borayotganini taʼkidlab, bugungi biznes forumi ham ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun keng va qulay imkoniyat yaratishi, kelgusida samarali natijalarga erishishda asos vazifasini oʻtashiga ishonch bildirdi.Shundan soʻng Qirgʻiz Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Ulukbek Karmishakov soʻzga chiqib, mazkur anjumanning ikki qardosh xalq uchun beqiyos ahamiyati, kelgusida hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar xususida toʻxtaldi.
U oʻz soʻzida Oʻzbekiston nisbatan qisqa vaqt ichida sezilarli iqtisodiy oʻsishga erishganini eʼtirof etib, aynan shu omil Qirgʻizistonning mamlakatimizga boʻlgan qiziqishi keskin oshishiga asos boʻlganini qoʻshimcha qildi.Zero, tahlillarga koʻra, Qirgʻiz Respublikasining pandemiya tufayli boshqa koʻplab yaqin hamkorlari bilan munosabatlari yaqqol sustlashgan bir paytda, Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarida sezilarli oʻsish kuzatilgan. Aniqroq aytganda, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 2016-yilga nisbatan 5 baravar koʻpaygan, mamlakatimizdagi ikki mamlakat ishtirokidagi qoʻshma korxonalar soni esa oʻtgan yil 2019-yilga nisbatan ikki marta koʻpaygan.