Tez kunda qovun eksporti boshlanadi

    Agrosektor 8 May 2021 1312

    Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani mirishkor dehqonlar yurtiga aylangan. Mehnatkash va halol, fidoyi dehqonlar tumandagi lalmi yerlardan peshona teri evaziga rizq undirib, el-yurt dasturxonini toʻkinligini taʼminlashda oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshmoqda.

    Chiroqchi tumanida lalmi maydonlardan qoʻshimcha yerlar oʻzlashtirilmoqda, sugʻorish uchun artizan quduqlar qazilmoqda. Bu saʼy-harakat va izlanishlar qishloq xoʻjaligi va poliz mahsulotlarini halqimiz dasturxoniga har galgidan ertaroq taqdim etilmoqda.

    Tumanda may oyining boshida qovun pishdi. Ayni kunda taʼmi tilyorar va xaridorgir qovunlar tumanning Oʻtamayli hududida yetishtirilmoqda. Pishib meʼyoriga kelganlari peshma-pesh isteʼmolchilarga yetkazilmoqda.

    Oʻzimizning tomorqamizda har yili turli xildagi poliz mahsulotlarini yetishtirib kelyapmiz, deydi - dehqon Rufat Boʻriyev. Daromadimiz yaxshigina, ruzgʻordan orttirgan mablagʻdan ekin maydonimizni kengaytiryapmiz. Tomorqamizga ertapishar qovunning “Dakara” navini ekkanmiz, hosil may oyining boshida pishib yetildi. Sotib daromad qilyapmiz.

    Dehqonlarning aytishicha, hududda joriy yilning fevral oyidan boshlab qovun parvarishiga kirishilgan. Bunda asosan “Jiyan”, “Torpedo”, “Aeroport” kabi eksport talabiga javob beradigan navlar tanlangan.

    Avvaliga urugʻlar maxsus idishlarga ekilib, issiqxona sharoitida oʻstirib olinadi. Boʻyi meʼyoriga yetgan koʻchatlar keng maydonga plyonka ostiga ekib chiqiladi. Kunlar isishi bilan palaklar baravj rivojlanishi uchun nihollar usti ochiladi. Bu usulni qoʻllash orqali ertachi hosil olish imkoniyati oshadi.

    Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan tumandagi tarvuz va qovun mahsulotlari yetishtiruvchi fermer va tomorqa egalari bilan uchrashib, yurtimizda tadbirkorlarga barcha qulaylik va imkoniyatlar yaratilganligini, qishloq xoʻjaligi va poliz mahsulotlarni eksportga rasmiylashtirishda bojxonada yaratilgan qulayliklar toʻgʻrisida tushuntirishlar berilmoqda.

    Yaratilgan imkoniyatlardan oʻz vaqtida va samarali foydalanish nafaqat tadbirkorning oʻziga, balki davlatimiz iqtisodiyotini yana-da rivojlantirishga eksport hajmini oshirishda hissa qoʻshishi yuzasidan fikrlar almashildi.

    Demak, tez kunda mamlakatimizdan qovun eksporti ham boshlanadi.

    Qashqadaryo viloyati

    bojxona boshqarmasi

    Axborot xizmati