"Tez yordam" xizmatida elektroskuterdan foydalanilmoiqda

    Surxondaryo viloyatida "Tez yordam" xizmatida elektroskuterlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

    Respublika tez tibbiy yordam markazi Surxondaryo viloyati filialiga bir kunda o‘rtacha 3000 dan ziyod chaqiriq kelib tushadi. Murojaatlarning aksariyati 17:00 dan tungi 01:00 ga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘iga to‘g‘ri keladi.

    Albatta, bunday tig‘iz paytda bemorlarga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega. Shu bois viloyat "Tez yordam" xizmatida bu masalaga innovatsion yechim sifatida elektroskuterlardan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.

    To‘g‘ri, ular zamonaviy “103” avtomashinalari kabi qulayliklarga ega bo‘lmasa-da, tirbandliklar va harakatlanish qiyin bo‘lgan joylarda oson yura oladigan transport vositasi sanaladi.

    Bu esa shifokorlarning belgilangan manzilga kechikmay yetib borishi va og‘ir bo‘lmagan bemorlarga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishiga xizmat qiladi.