Janubiy Koreyaning The Chosun gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: oʻzgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik” sarlavhali maqolasi chop etildi.
Davlat rahbari Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi koʻp yillik, vaqt sinovidan oʻtgan ishonchli hamkorlargina emas, balki mustahkam, har tomonlama va oʻzaro manfaatli munosabatlar bilan bogʻlangan yaqin doʻst davlatlar ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda Prezident Li Chje Myon saylanganidan keyin ilk bor davlat tashrifi bilan Koreyaga kelayotganini qayd etib, mazkur uchrashuv ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklikka yangicha surʼat bagʻishlash imkonini berishiga ishonch bildirdi.
Maqolada qayd etilishicha, soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi besh barobar oshdi. Koreya Respublikasining Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyasi hajmi 8 milliard dollardan ortdi. Ayni paytda Oʻzbekistonda 700 dan ziyod qoʻshma korxona va loyihalar faoliyat yuritmoqda.
Shavkat Mirziyoyev hamkorlik salohiyati bugun amalda foydalanilayotgan imkoniyatlardan ancha keng ekanini taʼkidladi. Sunʼiy intellekt, strategik ahamiyatga ega materiallar va yarim oʻtkazgichlar ishlab chiqarish, robototexnika, elektr transporti, biofarmatsevtika, zamonaviy kimyo, “aqlli” qishloq xoʻjaligi va intellektual shaharlar alohida istiqbolli sohalar sifatida koʻrsatildi.
Shuningdek, 16-sentyabr kuni Seulda tarixda ilk bor muloqotdagi barcha — olti ishtirokchi davlat rahbarlari qatnashishi kutilayotgan “Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi” sammiti boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi, samarali mexanizmlarini shakllantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surish niyatida.