Materialda Afgʻoniston kelajagi ushbu jarayonda qatnashayotgan, biroq ushbu hududdan olisda joylashgan davlatlarga nisbatan Markaziy va Janubiy Osiyoga koʻproq taʼsir qilishi qayd etilgan.

Muallif taʼkidlashicha, AQSH va NATO Afgʻonistondagi ishtirokini kamaytirgan sari, Markaziy Osiyoning mazkur jarayondagi ahamiyati oshaveradi. Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy oʻzaro bogʻliqligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal qilishda mintaqaning roli kuchayib borayotganini namoyon qildi.

Maqolada Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy aloqalari boʻyicha xalqaro konferensiya chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hind-Gang tekisligini Taksila, Gandara, Termiz singari tarixiy shaharlar orqali Yevrosiyoning janubiy hududi bilan bogʻlagan, Uttarapatxa nomi bilan maʼlum qadimgi shimoliy savdo yoʻlining oʻziga xos zamonaviy shaklini yaratish rejalarini bayon qilgani taʼkidlangan.

Jurnalist Oʻzbekiston Prezidenti qadim zamonlarda Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlagan “Ipak yoʻli”ni eslab, Afgʻonistonni ushbu tarixiy rishtalardagi asosiy boʻgʻin deb ataganiga oʻquvchilar eʼtiborini qaratgan. Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar transafgʻon temir yoʻli va “Shimol – Janub” transport koridori “oʻzaro bogʻliqlik arxitekturasi”ning asosiy elementlari sifatida muhimligi taʼkidlandi, deyiladi maqolada.

Oʻzbekiston va uning Markaziy Osiyodagi qoʻshnilarining intilishlari uchta muhim omilga asoslangan. Birinchidan, dengizga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻlga ega boʻlmagan ushbu mamlakatlarning taraqqiyotiga Afgʻoniston orqali Hind okeaniga chiqish ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Ikkinchidan, Afgʻoniston orqali tranzit toliblar tomonidan xavfsizlik kafolatlariga bogʻliq. Uchinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusiga qoʻshilgan, bu esa ushbu mamlakatlarga sarmoya oqimini ikki barobar oshiradi, deb yozadi muallif.

“Dunyo” AA muxbirining qayd etishicha, Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari Afgʻonistondagi vaziyat oʻnglanishidan birday manfaatdordir hamda oʻz chegaralari yaqinida beqarorlik oʻchoqlari va terrorchi guruhlar makonlari paydo boʻlishi ehtimoli, mintaqa davlatlariga radikalizm taʼsir oʻtkazishi mumkinligiga nisbatan tashvish bildirmoqda.