Tadbirda «The Korea Times» gazetasi bilan elchixona o'rtasida samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgani mamnuniyat bilan qayd etilib, nashriyot rahbariga O'zbekistonning ichki hamda tashqi siyosati mazmun-mohiyatini o'zida aks ettiruvchi turkum maqolalarni xalqaro jamoatchilikka etkazishda ko'rsatayotgan amaliy yordami uchun minnatdorlik bildirildi.

O Yong Jinning ta'kidlashicha, avvallari xalqaro hamjamiyat O'zbekistonni Buyuk ipak yo'li markazida joylashgan, qadimiy tarix va boy madaniyatga ega, buyuk allomalar etishib chiqqan zamin sifatida tanigan. So'nggi 4-5 yil ichida esa amalga oshirilayotgan tub islohotlar, izchil va faol tashqi siyosat mamlakatning xalqaro nufuzini yanada oshirib yubordi.

Muloqot davomida o'zaro hamkorlikni faollashtirishga, joriy yilda yurtimizda bo'lishi kutilayotgan muhim tadbirlarni ushbu nufuzli gazetaning sahifalarida keng yoritib borishga kelishib olindi.

Xususan, «The Korea Times» gazetasi rahbari O'zbekistonda bo'lajak tadbirlarni yoritish maqsadida muxbirlar guruhini Toshkentga yuborishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi.

Gazeta prezidenti O'zbekiston ommaviy axborot vositalari, xususan, ingliz tilida chop etiladigan nashrlar bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatishga qiziqish bildirdi.

«The Korea Times» Janubiy Koreyada ingliz tilida chop etiladigan uchta yirik gazetalar biri hisoblanadi. 1950 yilda asos solingan, har kuni 400 ming nusxada chiqariladi. Gazeta nafaqat Janubiy Koreya, balki chet elda ham o'z o'quvchilariga ega. Dunyoning qator yirik nashrlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.