Tibbiyotda xususiy sektor ulushi ortishidan davlat ham, aholi ham, tadbirkorlar ham manfaatdor. Shu sababli bu sohaga katta imtiyozlar berilmoqda. Biroq bunday imkoniyatlardan foydalanishda, avvalo, qonun talablariga qatʼiy amal qilinishi shart! Aks holda, buning uchun javobgarlik choralari belilangan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi vakolatli organ sifatida mazkur sohada doimiy nazorat ishlarini olib bormoqda. Ana shunday oʻrganishlardan birida “INTERMED INNOVATION” MCHJ tomonidan Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida joylashgan 3-son oilaviy poliklinika binosida litsenziyasiz tibbiy faoliyat olib borilgani aniqlangan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish boshqarmasi.
Shundan soʻng mazkur MCHJga moliyaviy jarima belgilanib, vazirlikning bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalardan iborat qarori qabul qilingan. Ammo “INTERMED INNOVATION” ushbu talablarni bajarmay, boshqa qator manzillarda ham oʻz noqonuniy faoliyatini litsenziya olmasdan davom ettirib kelgan.
Oqibatda Sogʻliqni saqlash vazirligi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga “INTERMED INNOVATION” MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun 2021-yil 18-fevral kuni berilgan 043023-sonli litsenziyani bekor qilish va 90 million soʻm jarima undirishni soʻrab ariza kiritgan.
2023-yil 4-may kuni sud bu talablarni qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan. Oʻz navbatida, bu qarordan norozi boʻlgan javobgar — “INTERMED INNOVATION” Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudi (iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati) ga Apellyatsiya shikoyati kiritgan. Biroq mazkur apellyatsiya shikoyati qanoatlantirishdan rad etilgan va Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan hamda shu yil 31-may kunidan qonuniy kuchga kirgan.
— Shundan kelib chiqib, “INTERMED INNOVATION” MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun 2021-yil 18-fevralda berilgan litsenziya rasman bekor qilinganini maʼlum qilamiz, — deydi vazirlik boshqarma boshligʻi Jaloliddin Asamutdinov. — Bu haqda Adliya vazirligining “Litsenziya” axborot tizimi orqali reyestrga tegishli yozuv kiritilgan.