Unutmang, ayrim toifadagi xodimlar majburiy tibbiy ko'rikdan o'tmasdan o'z mehnat vazifalarini bajarishga haqli emas. Ana shunday muhitda xizmat ko'rsatuvchi shaxslarning sog'lig'i, o'z ishiga yaroqliligi va tibbiy jihatdan nazoratda bo'lishi nafaqat ularning shaxsiy mas'uliyati, balki jamiyat xavfsizligi uchun ham juda muhim.
Ayrim kasb egalari borki, ular ishga kirishish yoki ish faoliyatini amalga oshirishdan avval belgilangan tartibda tibbiy ko'rikdan o'tishga majbur hisoblanadi. Bu toifaga “muayyan-dekretiv kontingent” deb ataladigan aholiga xizmat ko'rsatuvchi kasb egalari kiradi. Bugun mas'ul soha mutaxassislari bilan aynan shu mavzuda suhbatlashdik.
Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Qodirjon Saydullayev fikriga ko'ra, tibbiy ko'riklar aholi orasida yuqumli va parazitar kasalliklarning tarqalishining oldini olish, kasb kasalliklari yoki zaharlanishlarni barvaqt aniqlash, ishchi-xodimning sog'lig'iga zarar yetkazmasdan faoliyat yuritishini ta'minlash hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar xavfini kamaytirish maqsadida o'tkaziladi.
– Bundan tashqari, xodimning mehnat sharoitiga yaroqliligini aniqlash, uning mavjud kasalliklarini og'irlashtirmaslik, ish muhitini sanitar-gigienik jihatdan baholash va yaxshilash ham tibbiy ko'rikning asosiy vazifalaridan biri xisoblanadi, – deydi mutaxassis.
Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suvini ishlab chiqarish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish, umumiy ovqatlanish tashkilotlari, davolash-profilaktika muassasalari, maishiy xizmat ko'rsatuvchi tashkilotlar, mehmonxonalar, savdo tashkilotlari va shoxobchalarida ishlovchilar 1 yilda 2 marotaba hamda maktabgacha ta'lim muassasalari, bolalar uylari, maktab-internatlari, bolalar sanatoriylari, “Muruvvat uylari” va “Mehribonlik uylari” xodimlari, suzish bo'yicha murabbiylar, instruktorlar, basseyn va davolovchi vannalarda ishlovchi xodimlar, dorixona va dori saqlash omborxona xodimlari, dorilarni tarqatish bilan shug'ullanuvchi shaxslar 1 yilda 1 marotaba tibbiy ko'rikdan o'tishlari shart.
– Ishga qabul qilishdan oldin o'tkaziladigan tibbiy ko'rikda ishchi va xizmatchining sog'lig'i, uning tanlagan kasbga jismoniy va ruhiy jihatdan yaroqliligi, shuningdek, mavjud kasalliklari ish sharoiti ta'sirida og'irlashish ehtimoli bor-yo'qligi baholanadi. Bu jarayon aholi salomatligini himoya qilishda muhim o'rin tutadi, – deydi Qodirjon Saydullayev.
Ish faoliyati davomida belgilangan vaqtlarda o'tkaziladigan tibbiy ko'rik esa kasbiy kasalliklar yoki zaharlanishlarni erta aniqlash, umumiy kasalliklar og'irlashishining oldini olish, sog'liqni tiklash bo'yicha individual tavsiyalar berish va mehnat muhitini yaxshilashga qaratilgan.
Qaysi shifokorlar ko'rigidan o'tiladi?
Muayyan-dekretiv kontingent xodimlari maxsus mutaxassislar ko'rigidan o'tishlari shart. Barcha toifa uchun terapevt ko'rigi majburiy hisoblanadi. Oziq-ovqat sanoati, umumiy ovqatlanish va savdo sohasidagi xodimlar dermatovenerolog ko'rigidan o'tishlari lozim. Shuningdek, oziq-ovqat va ta'lim sohalarida ishlovchilar flyuorografik tekshiruv, zaxm va boshqa yuqumli kasalliklarga qon tahlili, gelmintoz va enterobioz kabi parazitar kasalliklarga analiz topshirishlari kerak. Psixiatr va narkolog ko'rigi ayrim ishlab chiqarish sohalarida ishlovchi xodimlar uchun majburiy sanaladi.
– Ushbu tibbiy ko'riklar korxonaga biriktirilgan tibbiy-profilaktika muassasalari yoki hududiy davolash muassasalari, yo bo'lmasa ish beruvchi tomonidan shartnoma asosida tanlangan tibbiy markazlar tomonidan o'tkaziladi. Bundan tashqari, Sanitariya, gigiena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti ham zamonaviy uskunalar yordamida, yuqori sifatda tibbiy ko'rik xizmatlarini taqdim etadi, – deydi Sanepidqo'mita Axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova.
– Muhimi shundaki, tibbiy ko'rikdan o'tish xodimning xohishiga bog'liq ixtiyoriy jarayon emas, balki qonunchilikda belgilangan majburiy talabdir. Agar xodim tibbiy ko'rikdan bosh tortsa yoki tekshiruv natijalari bo'yicha tibbiy komissiya tomonidan berilgan tavsiyalarga rioya qilmasa, ish beruvchi uni ishga qabul qilmaslik yoki mavjud ishidan chetlatish huquqiga ega. Bunday holatda ishdan chetlatish rasmiy buyruq asosida amalga oshiriladi va ushbu davr uchun xodimga ish haqi hisoblanmaydi, – qo'shimcha qiladi Axborot xizmati rahbari.
Xulosa qilib aytganda, majburiy tibbiy ko'rik – bu faqatgina shaxsiy salomatlikni emas, balki butun jamiyat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan muhim chora-tadbirdir. Sog'lom kadrlar – sog'lom jamiyat kafolatidir. Shu bois, muayyan-dekretiv kasb egalari faoliyatning sog'liq va jamoatga ta'siridan kelib chiqib, o'z ishlariga mas'uliyat bilan yondashishlari lozim.
Zulxumor AKBAROVA