Kunlik (muolaja) niqoblar – bir marotabalik tibbiy mahsulot hisoblanib, uchta qavatdan iborat: ichki va tashqi qavati, oʻrtasida filtri boʻladi.

Maxsus tibbiyot niqoblari 4 qism boʻlib, filtr, ichki va tashqi qismlaridan tashqari suyuqlik oʻtkazmaydigan maxsus plast qismiga ham ega. Niqobning ushbu qismi teri qoplamasini turli biologik suyuqliklardan himoya qiladi.

Sterillanmagan niqoblar kundalik faoliyatda qoʻllaniladi. Sterillangan niqoblar esa maxsus toza joylarda foydalaniladi (xirurgik muolaja jarayonida, laboratoriyada va hokazo).

Tibbiy niqoblardan 2 soatdan 6 soatgacha foydalanish mumkin. Pandemiya sharoitida mutaxassislar niqoblardan 2 soatdan ortiq foydalanmaslikni hamda foydalanilgan niqoblarni utilizatsiya qilishni tavsiya etishadi.

Bundan tashqari, virus organizmga nafaqat nafas olish tizimi, balki koʻz konyuktivasi, ochiq yaralar va ifloslangan qoʻllar orqali ham yuqishi mumkin. Shuning uchun ham, jamoat joylarida ijtimoiy masofani 1,5-2 metr oraligʻida saqlash, yuz va koʻzlarga yuvilmagan qoʻllar bilan tegmaslik kerak.

Tibbiy niqoblarning yana bir turi, respiratorlar ham koronavirus infeksiyasidan himoyalashda samarali taʼsirga ega.

Oddiy tibbiy niqoblarga qaraganda respiratorlar – kasallik tashuvchi bemor uchun xavfsiz hisoblanadi va ularning bir necha turlari mavjud. Ular nafas organlarini chang va toksik, notoksik aerozollar, bakteriya va radioaktiv metall zarrachalaridan himoyalaydi va 8 soatgacha vaqt mobaynida 80 foizdan 99 foizgacha virusdan himoya qiladi, deb xabar beradi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati.