Tibbiy sugʻurta shifokorga nima beradi, bemorgachi?

    Salomatlik 16 Yanvar 2021 5497

    Sugʻurta tibbiyotini joriy etish borasida Sirdaryoda muhim qadam tashlandi.

    Sirdaryoda sogʻliqni saqlash tizimining yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari boʻyicha tajriba-sinov loyihasini ishga tushirish ishlari boshlab yuborildi.

    Buning uchun oilaviy shifokor, terapiya va pediatriya boʻyicha yordamchilar, hamshira va doyadan iborat guruhlar tuzila boshlandi.

    Prezidentimiz 2020-yil 12-noyabrda “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagandi. Davlatimiz rahbari mazkur qarorga muvofiq Davlat tibbiy sugʻurta tizimini 2021-yilning 1-iyulidan 2022-yilning oxiriga qadar Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida aprobatsiyadan oʻtkazish boʻyicha soha xodimlariga muhim vazifa va topshiriqlarni bergan edi.

    Shunga binoan, “Majburiy tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

    Bu yoʻnalishdagi qonunchilik asoslarini ishlab chiqish jarayonida jahonda shakllangan modellar puxta va atroflicha oʻrganib chiqildi. Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Norvegiya, Estoniya, Latviya, Isroil, Turkiya, Qozogʻiston, Rossiya, Ozarbayjon kabi davlatlar tajribasiga eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, milliy xususiyatlarimiz ham har tomonlama tahlil etildi. Oʻzbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida bandlik darajalari, soliq stavkalari, oylik daromadlar oʻrganilib, majburiy tibbiy sugʻurtaning hozirgi kunda optimal va ijobiy baholanib kelinayotgan byudjet modeli tanlab olindi.

    Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugen janoblari oʻtgan 2020-yilning fevral oyida mamlakatimizga tashrifi chogʻida yurtimizda sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar, jumladan, tibbiy sugʻurta tizimini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarni eʼtirof etgandi.

    Xans Klyuge janoblari bilan oʻtkazilgan oʻzaro muloqotlar chogʻida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ekspertlari koʻmagida tibbiy xizmatlarning yangi modellari boʻyicha boshlangan qoʻshma pilot loyihani toʻliq joriy etishda har tomonlama amaliy koʻmak berishga tayyor ekanini bildirgandi.

    Qolaversa, ushbu uchrashuvda nafaqat majburiy tibbiy sugʻurtani joriy etish, balki Tibbiyot sohasini moliyalashtirish jarayonini takomillashtirish, zamonaviy boshqaruv tizimi va hududlarda sogʻliqni saqlashni tashkil etishning klaster modelini shakllantirish, sohani raqamlashtirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasini yana-da kuchaytirish borasida ham JSST Yevropa mintaqaviy byurosi bilan davomli hamkorlik qilishga kelishib olingandi.

    Shunga binoan, tajriba-sinov tariqasida obyekt sifatida tanlangan Sirdaryo viloyatidagi shahar va tuman tibbiyot birlashmalarida yangi sugʻurta tizimi va uni tatbiq etishga bagʻishlangan qator ishlar boshlab yuborildi. Ushbu loyihani ishga tushirish maqsadida oʻtgan yili turkiyalik va germaniyalik mutaxassislar bilan oʻzaro kelishuvlar imzolandi.

    Sugʻurtalash tizimi joriy etilsa, birinchidan, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va koʻlami yana-da oshadi. Ikkinchidan, xavfli kasalliklarga chalinish ehtimoli kamayib, aholining oʻrtacha umr koʻrish darajasini uzaytirish imkoni paydo boʻladi. Uchinchidan, sugʻurta bozori rivojlanadi. Qolaversa, tez tibbiy yordam tizimining transport, barcha tibbiyot muassasalarining dori-darmon bilan taʼminlanishi sezilarli darajada yaxshilanadi, tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari bosqichma-bosqich oshirilib boriladi.

    Yana bir jihati esa, tibbiy sugʻurtalashda sugʻurtalanuvchi sugʻurta tashkiloti bilan kelishilgan sugʻurta mukofoti evaziga tibbiy xizmatdan foydalanish boʻyicha xarajatlarning yuzaga kelishi, sugʻurtalanuvchi va sugʻurta tashkiloti oʻrtasida tuzilgan sugʻurta shartnomasida kelishilgan summani shartlar asosida sugʻurta tashkilotiga oʻtkazadi. Sugʻurtalanuvchi salomatligi yomonlashganligi sababli xarajat qilish majburiy boʻlganida sugʻurta tashkiloti ushbu xarajatlarni sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan pul mablagʻlari doirasida qoplab beradi.

    Davlat tibbiy sugʻurta uch bosqichda amalga oshirilib, birinchi bosqichda Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi barcha tibbiyot muassasalarida joriy etilib, barcha ishlar elektronlashtirilgan holda yaʼni elektron kartalar, elektron poliklinikalar tomonidan amalga oshiriladi. Buning natijasida bemor va soha xodimlari oʻrtasida yuz berishi mumkin boʻlgan har xil tushunmovchiliklarning oldi olinibgina qolmay, davlat va xususiy tibbiyot muassasalari bilan shartnoma tizimi, kafolatlangan tibbiy xizmat tizimi yoʻlga quyiladi.

    Ikkinchi bosqich ishlari esa 2023-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo hamda Fargʻona viloyatlarida, uchinchi bosqich 2025-yildan butun mamlakatni qamrab oladi.

    Bu tizimni yurtimizda joriy etish natijasida davlat va xususiy tibbiyot muassasalari oʻrtasida raqobat muhiti vujudga keladi. Va qolaversa, u bemorni bitta tibbiy muassasaga bogʻlab qoʻymaydi. Agar fuqaroning qoʻlida tibbiy sugʻurta polisi boʻlsa, mamlakatdagi oʻzi xohlagan klinikada davolanishi, oʻzi istagan shifokordan tibbiy maslahat olishi mumkin. Xastalik boʻyicha qaysi shifo maskaniga murojaat qilish, vrach qabuliga yozilish, mutaxassis yozib bergan dorilarni topish kabi masalalarga ham oson yechim topiladi. Eng asosiyi, fuqarolarda sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish uchun zarur pul jamgʻarmalari paydo boʻladi.

    Maqsad, esa bitta u ham boʻlsa yangi joriy etilayotgan tibbiyot sugʻurtasi tizimi hisobiga sohada samaradorlikka va yaxshi natijalarga erishish, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yana-da oshirish.

    Gʻulom PRIMOV,

    Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi

    matbuot xizmati xodimi.