Tibbiy taʼlimda 2 barobar koʻp bakalavr, 2,3 barobar koʻp magistrant mutaxassislar tayyorlanadi

    Ta'lim 6 Sentabr 2021 2963

    Tibbiy taʼlimda bakalavriat yoʻnalishidagi oʻrinlar 2 barobar, magistratura 2,3 barobarga oshirildi.

    2016-yil mamlakatimizda tibbiyot yoʻnalishida 7 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan boʻlsa, bugun ular soni 11 taga yetkazildi.

    6 ta hududdagi (Navoiy, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlari) oliy taʼlim muassasalarida tibbiyot fakultetlari, 2 ta hududda (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Fargʻona viloyati) tibbiyot institutlari tashkil etildi.

    Qolaversa, tibbiy taʼlimdagi kvotalar 2017-yilga nisbatan bir necha barobarga oshirilib, sohada kadrlar tayyorlash koʻlami yanada kengaytirildi. Xususan, bakalavriatdagi oʻrinlar 2 barobarga (3 445 tadan 6 950 taga) koʻpayib, magistraturada oʻrinlar 2,3 barobarga (718 tadan 1631 taga) yetdi.

    Shu bilan birga, ordinaturadagi oʻrinlar 5 barobarga (961 tadan 4 972 taga) oshirilib, maqsadli kvota joriy etildi va qabul qilinadigan talabalar 1 180 nafardan 1 527 nafarga yetkazildi.

    Bundan tashqari, 47 ta tibbiyot kollejlari Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga aylantirilib, joriy yilning oʻzida 20 mingta hamshiralik shtati joriy qilindi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.