Tibbiy xizmat — “bir qadam” tamoyili asosida

    Mahallada duv-duv gap tarqaldi. Ya’ni qishloqda yangi mahalla tibbiyot punkti ish boshlarmish. Endilikda odamlar sarson bo‘lib, yetti chaqirim naridagi oilaviy poliklinikaga borishga hojat qolmas ekan...

    Avvaliga bu gaplarga unchalik ishonqiramagan bo‘lsa-da, Abdurashid otaning ham qiziqishi ortdi. So‘nggi yillarda yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni ko‘rib, eshitib, ko‘ngli ancha yorishgan edi. Agar bu gaplar rost bo‘lsa, qishloq odamlarining ko‘p yillik orzusi amalga oshgan bo‘lardi-da...

    Tunov kuni ob-havoning ta’sirimi yoki keksalik sabab bir oz tobi qochgan Abdurashid ota shifokorga uchrayman, deb kun davomida qiynaldi. Boisi, borishi kerak bo‘lgan Gujumli qishlog‘idagi 65-sonli oilaviy poliklinika ota yashaydigan Oqquduq qishlog‘idan ancha olisda — 20 kilometrcha keladi. Biror-bir texnika topay desa qishloqchilik, ha deganda topilavermaydi. Bu holatdan qon bosimi oshib yotib qoldi. Hartugul, tez yordam chaqirishgan ekan, bir oz o‘ziga keldi.

    Bugungi yangilik esa, jaziramada esgan tongi salqin shabadasi kabi kishi ko‘nglini ko‘tarib yubordi. Qishloq yoshu keksasining og‘zida shu gap. Ayniqsa, ayollarning quvonchi cheksiz. Nuroniylarning qo‘li duoga ochildi. Chekka hudud demasdan, shu manzilga ham e’tibor qaratilayotgani, inson qadri tamoyili aholi turmushida o‘z ifodasini topib, islohotlar kirib kelayotganiga shukrona aytishdi.

    Olis qishloq orzusi ro‘yobga chiqdi

    Prezidentimizning joriy yil 25 apreldagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, shu yilning 1 mayidan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridan olis masofada joylashgan hududlarda mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilmoqda.

    Bu yil Ko‘kdala tumani “Qanotli” mahalla fuqarolar yig‘ini Oqquduq qishl og‘iga istiqlol bayrami shukuhi o‘zgacha kirib kelmoqda. To‘yga go‘yo to‘yona deganlaridek, qishloq aholisi uchun yangi mahalla tibbiyot punkti ish boshladi.

    — Hafta-o‘n kun avval qishlog‘imizda tibbiyot punkti ish boshlarmish degan gap-so‘zlar tarqalib qoldi, — deydi Oqquduq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 73 yoshli Abdurashid ota Siddiqov. — Rosti, ishonmadim. Boisi, qishlog‘imiz tarixida bo‘lmagan ish bu. Eng chekka hududlardan hisoblangan qishlog‘imizda bunday o‘zgarishlar bo‘lishi xayolga ham kelmagandi. Axir birgina jarohatga dori qo‘yib bog‘lash uchun ham yigirma kilometr masofaga qatnash, ayniqsa, bizdek keksalarga og‘irlik qilardi. Endi do‘xtirxona bir qadam joyda. Kerakli vaqtda zarur muolaja olish mumkin. Shunday sharoit yaratilganining o‘zi odamga ruhiy ko‘tarinkilik berarkan...

    Bilasizmi, 2022 yil biz uchun o‘zgarishlarga boy bo‘lmoqda. Katta o‘zgarishlardan biri shuki, Ko‘kdala tumani qayta tashkil etilib, juda ko‘p qulayliklar, imkoniyatlar yaratilyapti. Zarur yumushlar uchun tuman markaziga qatnash ancha yaqin bo‘ldi. Endilikda esa tibbiy xizmat ko‘rsatish ham qishlog‘imizga kirib keldi. Bundan faqat quvonish, sa’y- harakatlarni qo‘llab-quvvatlash kerak.

    — Bu punktning ochilishi aholiga tibbiiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi, — deydi Ko‘kdala tumani 65-oilaviy poliklinika mudiri To‘lqin Fayzullayev. — Yangi o‘rnatilgan konteyner ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, har biri barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlangan, birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini ko‘rsatish uchun yetarli sharoit bor. Bir so‘z bilan aytganda, bu punktlarning tashkil etilishi shifokorlar uchun ham, aholi uchun ham har jihatdan qulay. Endilikda ushbu mahalla tibbiyot punkti ikki ming nafarga yaqin aholi uchun xizmat ko‘rsatadi.

    To‘qson beshta manzilda yangi tibbiyot maskanlari

    Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 29 iyundagi farmoyishi ijrosi doirasida Toshkent viloyatida joylashgan koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni vaqtinchalik karantinda saqlashga moslashtirilgan majmua tugatilganligi sababli mazkur muassasadan jami 95 ta maxsus konteyner Qashqadaryo viloyatiga keltirildi.

    — Mazkur konteynerlar bosqichma- bosqich tartibda vohamizning olis hududlariga o‘rnatilmoqda, — deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Abdusalim Yusupov. — Jami to‘qson beshta manzilda yangi mahalla tibbiyot punktlari ish boshlashi mamlakatimiz mustaqilligi bayrami arafasida aholi uchun qo‘shaloq bayramga aylanadi. Ayniqsa, chekka qish loqlarga tibbiy xizmat kirib borishi odamlarning og‘irini yengil qilib, inson qadrini ulug‘lash borasidagi sa’y-harakatlarga xizmat qiladi.

    Darhaqiqat, bugungi islohotlar, avvalo, inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan. Jumladan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 28 yanvardagi “2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida ham har bir maqsad inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan. Ushbu strategiyaning 64-maqsadida hududlarda birlamchi tibbiy xizmatni “bir qadam” tamoyili asosida tashkil etish belgilab qo‘yilgan.

    Bebaho boylik sanalmish inson salomatligini asrab-avaylash, inson qadrini ulug‘lash shu yurtning ravnaqi yo‘lidagi ezgu xizmatdir. Bu xizmat qadrlangan elning kelajagi esa oydin yo‘llarga tutash bo‘lishi shubhasiz.

    Akbar Rahmonov,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri