Tibbiy yordamga muhtoj bemorga xizmat ko'rsatishdan bosh tortgan shifokorlarga chora ko'rildi

    Rentgen tekshiruvida bemorning qovurg'alardagi darz ketish jarohati mutaxassis tomonidan aniqlanmasdan xatolikka yo'l qo'yilgan. Hamshiraning qo'pol muomalada bo'lganligi ham o'z isbotini topgan.

    Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakiliga (Ombudsmanga) 4-son shahar klinik shifoxonasi shifokorlarining xatti-harakatlaridan norozi bo'lgan fuqaro murojaati kelib tushdi.

    Murojaatchining yozishicha, uning onasi avtohalokatga uchrab, 4-son shahar klinik shifoxonasiga olib borilgan. Shifoxonada birinchi tibbiy yordam ko'rsatilib Respublika neyroxirurgiya markaziga tibbiy tekshiruv o'tqazilishi va muolajalar tayinlanishi uchun yuborilgan.

    Oradan 3 kun o'tgach, nafaqada bo'lgan bemorning ahvoli og'irlashib, og'riq kuchaygan. Bemorning yana o'sha shifoxonaga olib borishganida uning ahvoli og'ir bo'lishiga qaramay qabul qilinmagan.

    Bemor qizining ma'lum qilishicha, bemor travmatolog va xirurg orasida “meni kasalim emas” degan vaj bilan sarson qilingan, shifoxona hamshirasi esa ular bilan qo'pol muomalada bo'lib, bemorni tashqariga chiqarib yuborgan.

    Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holatni o'rganish va tegishli choralar ko'rilishi bo'yicha Sog'liqni saqlash vazirligiga murojaat yuborildi. Vazirlikning javob xatida bayon etilishicha bemorga 4-son ShKSh tibbiyot xodimlari tomonidan ko'rsatilgan tibbiy yordam amaldagi standartlar asosida ko'rsatilgan, lekin rentgen tekshiruvida qovurg'alardagi darz ketish jarohati mutaxassis tomonidan aniqlanmasdan xatolikka yo'l qo'yilgan. Hamshiraning qo'pol muomalada bo'lganligi ham o'z isbotini topgan.

    Shu munosabat bilan, xato va kamchiliklarga yo'l qo'ygan 4 nafar tibbiyot xodimlariga 4-son ShKSh ma'muriyati tomonidan "hayfsan" intizomiy jazo chorasi qo'llanilgan, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) axborot xizmati.