Maʼlumki, Koreya koʻmagida Toshkentda Koʻp tarmoqli bolalar shifoxonasi qurib bitkazilgan. U boʻlajak onkologik markazi va boshqa obyektlar bilan birga yurtimizda zamonaviy sogʻliqni saqlash tizimiga xalqaro yondashuv namunasini yaratadigan tibbiyot klasterining asosi boʻlib xizmat qilishi mumkin.
“Koreys modeli boʻyicha tibbiyot klasterini tashkil etish rejasiga, shuningdek kattalar uchun Koʻp tarmoqli shifoxona, yangi tibbiyot OTM, yotoqxona tashkil etish ham kiradi. Undan tashqari, u yerda kelajakda tibbiyot sohasida tadqiqotlar bilan shugʻullanadigan, shu jumladan, yangi dori vositalari yaratadigan “Research and Development Center” (Tadqiqotlar va ishlab chiqarish markazi) ham boʻlishi kerak. Bularning barchasi, birgalikda “Tibbiyot klasteri” tushunchasini tashkil etadi”, — deya taʼkidladi uchrashuv davomida Oʻzbekistonda Koreya modeli asosida Milliy onkologik markaz tuzish loyihasi menejeri doktor Choy Djaye Vuk.
Koreya tomonidan taqdim etilgan loyiha menejerining bu gʻoyalari milliy palata tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi. Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini boshqarishga innovatsion yondashuvni ishlab chiqish va joriy etishni oʻziga vazifa deb bilgan Milliy palata bu kabi loyihalarning amalga oshishiga koʻmaklashishga tayyor.
Tomonlar klinik muassasalarni, oliy taʼlim muassasasini, shuningdek ilmiy tadqiqotlar va ishlab chiqarishni oʻz ichiga oladigan klaster yaratish detallarini muhokama qildilar. Faqat mana shunga asosan bilimlarning uzviyligini saqlab qolish mumkinligi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati.