Tibbiyot kollejlari va texnikumlar orasidagi farq nimada?

    Ta'lim 2 Mart 2021 9792

    Prezidentimizning 2020-yil 7-aprelidagi “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan mamlakatimizdagi tibbiyot kollejlarida oʻqitish tizimi butunlay isloh etildi. Ularning 47 tasi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlariga aylantirildi.

    Tibbiyot kollejlari va texnikumlar orasidagi farq nimada? Oʻrta tibbiyot xodimlarini tayyorlashda qanday xorij tajribasi, yangicha usullar qoʻllanilmoqda? Ushbu savollar bilan SSV matbut xizmati vazirlikning Fan va taʼlim boshqarmasi masʼul xodimi Lutfi YUSUPOVAga murojaat qildi (1-qism).

    — Har yili tibbiyot kollejlarini bir qator yoshlar tamomlaydi va hamshira maqomiga ega boʻladi, — deydi L.Yusupova. — Masalan, oʻtgan 2019/2020 oʻquv yilida 31 ming nafar yoshlar tibbiyot kollejlarini tugatdi. Ammo shuni alohida qayd etish kerakki, 11 yillik taʼlim tizimiga oʻtilishidan oldin kollejlarda oʻqish majburiy koʻrinishda edi.

    Qabul imtihonlari osonroq va talabga javob bermaydigan oʻquvchilarning oʻqishdan chetlatilishi kam kuzatilardi. Bu esa tibbiyot xodimlari orasida yetarli bilim-koʻnikmaga ega boʻlmagan kadrlar paydo boʻlishiga sabab boʻldi. Koʻpchilik bitiruvchilar oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishlamadi. Shu bois ham endilikda tibbiyot taʼlim tizimi toʻliq isloh etilmoqda.

    — Tibbiyot kollejlari faoliyati qay tarzda takomillashtirildi?

    — Bilasizmi, mamlakatimizdagi sohalarga raqamli iqtisodiyot, zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilib, taraqqiy etib borgan sari malakali kadrlar yetishmovchiligi muammosi yuzaga kelmoqda. Bu esa taʼlim berish sohasini ham isloh qilish, yangicha tizim va oʻqitish uslublarini joriy etish zaruratini paydo qilayapti. Shu bois, mamlakatimizda nafaqat ayrim tibbiyot kollejlari texnikumga aylantirildi, balki tibbiyot kollejlaridagi oʻqitish tizimi ham takomillashtirildi.

    Masalan, oʻqitish davri ikki yil boʻlgan 11-sinfni tamomlagan yoshlarni qabul qiluvchi tibbiyot kollejlarida “Feldsher laborantlik ishi”, “Feldsher ishi” hamda “Tibbiy-ijtimoiy ish” kabi yangi yoʻnalishlar ochildi. Xususan, oxirgi yoʻnalish bitiruvchilari patronaj hamshiralar hisoblanib, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qiladi, nogiron va uyda yotib davolanayotganlar holidan xabar oladi.

    Umuman olganda, bugungi kunda tibbiyot kollejlarida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari uchun malakali kadrlar tayyorlash, oilaviy shifokorlarga har tomonlama munosib bilimli va malakali yordamchilarni yetkazib berish asosiy maqsadga aylangan. Endilikda, tibbiyot kollejini tugatgan hamshiralar shunchaki shifokorlarning koʻrsatmasini bajaruvchi emas, balki odamlarga toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollikka erishish va boshqa masalalarda zarur tavsiyalarni bera oladigan mutaxassislar boʻlishadi.

    Shu bois ham, ular amaliyot darslarini qishloq va shahar oilaviy shifokorlik punktlarida oʻtashi belgilandi. Shuningdek, tibbiyot kolejlarida ham talabalarning kontrakt va byudjet shaklda oʻqitilishi muassasaga nisbatan aholining jiddiy munosabatini shakllantirish bilan birga kollejlarda zamonaviy, innovatsion usullarda dars oʻtilishi uchun kerakli moddiy-texnik baza yaratilishiga asos boʻldi.

    — Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarining tibbiyot kollejlaridan farqi nimada?

    — Tibbiyot texnikumlarida oʻqish uch yil davom etib, 11-sinfni tamomlagan yoshlar qabul qilinadi. Ushbu muassasalarni tugatgan hamshiralar tibbiyot kollejini tamomlagan talabalardan ham malakaliroq va bilimliroq boʻlib shakllanadi. Tibbiyot texnikumlaridagi oʻquv jarayonlariga tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining yuqori malakali professor-oʻqituvchilari masofaviy taʼlim berish uchun jalb qilinayotgani ham soʻzimizni isbotlaydi.

    Bundan tashqari, tibbiyot texnikumlarining oʻquv dasturlari shu yoʻnalishdagi oliy taʼlim muassasalarining dasturlari bilan integratsiya qilingan.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.