Tibbiyot muassasalari o‘rtasida sog‘lom raqobat kuchayadi

    Hukumat 11 Dekabr 2021 3457

    Prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 7-oilaviy poliklinika faoliyati bilan tanishdi.

    Mazkur muassasa so‘nggi bor 1991-yilda kapital, 2018-yilda esa joriy ta’mirlangan. Uning quvvati 250 qatnovga mo‘ljallangan bo‘lib, hududdagi 8 ta mahallada yashovchi 41 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Yordamchi bo‘limlardan fizioterapiya, funksional diagnostika, endoskopiya, markaziy klinik laboratoriya, rentgen, ultratovush diagnostikasi hamda kunduzgi shifoxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

    Hozirgacha hududdagi aholining 93 foizi to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, 5 ming 518 nafar fuqaro uchun sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari belgilandi.

    Davlatimiz rahbari poliklinikani zamonaviy tarzda kapital ta’mirlash, aholiga har tomonlama qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Mavjud diagnostika uskunalari ma’nan eskirganligi sababli yangilariga almashtirish lozimligi ta’kidlandi.

    - Ambulator va statsionar tibbiy xizmatni o‘zida jamlagan yangi tajribani amaliyotga joriy qilish kerak. Oilaviy poliklinikalarga biriktirilgan aholiga sifatli va arzon xizmat ko‘rsatish tizimiga o‘tish orqali hududdagi shifoxonalar bilan sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish lozim, - dedi Prezident.

    Shu yerda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi tibbiyot muassasalari faoliyati haqida ma’lumot berildi.