Sogʻliqni saqlash vazirligida Toshkent shahridagi bir guruh tibbiyot xodimlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda ana shunday holatlar muhokama qilinib, amaliyot uchun foydali boʻlmagan, ortiqcha ovoragarliklarni keltirib chiqarayotgan hujjat va hisobot shakllarini qayta koʻrib chiqish hamda qisqartirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi, deya xabar beradi vazirlik axborot xizmati.
Maʼlum boʻlishicha, tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari hozir 26 turdagi jurnallar, 33 turdagi hisobot shakllari hamda bemorlarga beriladigan oʻnlab turdagi blankalarni toʻldirishga majbur boʻlmoqda.
Masalan, “Tibbiyot xodimlarining jarohat holatlarini qayd qilish jurnali”ga noxush vaziyatlar yuz bermasa, oylab, hatto yillab ehtiyoj boʻlmasligi mumkin. Lekin hamshira ana shu hujjat turiga har kuni “Bugun koʻngilsiz holatlar sodir boʻlmadi” degan mazmundagi qaydlarni kiritib borishi shart.
Vaholanki, shifokorning eng asosiy vazifasi odamlarga shifo ulashishdan iborat. U buning uchun har bir bemorga oʻrtacha 15 daqiqa vaqt ajratishi kerak. Biroq amalda shundan maʼlum qismi hujjat toʻldirishga sarflanmoqda.
Birlamchi boʻgʻin xodimlari “Ambulator-poliklinika muassasasiga kelganlarni qayd etish jurnali” ham ortiqcha, degan fikrda. Negaki, aholi juda koʻp murojaat qilgan pallalarda qabul boʻlimi hamshirasining mazkur jurnalni toʻldirib oʻtirishi uzundan uzoq navbatlarni yuzaga keltiradi. Bu esa odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Qolaversa, bemorlar qabul boʻlimidan roʻyxatdan oʻtgach, shifokor huzuriga kirish uchun yana roʻyxatga yozilishi zarur.
Ushbu holatlarni bartaraf etish uchun ayni paytda Sogʻliqni saqlash vazirligida tuzilgan ishchi guruh tomonidan oʻrganishlar olib borilmoqda.
Jarayon yakunlangach, chiqariladigan xulosalar nafaqat tibbiyot xodimlari, balki aholi uchun ham foydali boʻlishiga inonchimiz komil. Shunda shifokor va hamshiralar asosiy vaqtini hisobotu hujjatlar toʻldirishga emas, balki bemorlarni davolashga yoʻnaltirish imkoniga ega boʻladi.