Ishtirokchilar oflayn va onlayn tarzda 70 ta seksiyada 35 ta yoʻnalish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazdilar. Olimpiada gʻoliblari va faol ishtirokchilar 1-, 2-, 3-darajali diplomlar hamda turli nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi.
Xalqaro olimpiada doirasida SamDTU talabalari uchun chet ellik va mahalliy yetakchi mutaxassislar tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari, pediatriya va stomatologiyaning dolzarb masalalariga bagʻishlangan 18 ta mahorat darsi oʻtkazildi.
Shu kuni Turkiyaning Sogʻliq bilimlari universitetining Yevroosiyo sogʻliqni saqlash va ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot markazi direktori Fayzioʻglu Gulnur xonimga SamDTU professori faxriy unvoni berildi.
Samarqandda boʻlib oʻtgan “Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining III xalqaro olimpiadasi yosh olimlar va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, salohiyati va ilmiy izlanishlaridan samarali foydalanish, fundamental va klinik fanlar oʻqitish sifatini yanada oshirish, mamlakatimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.