2020-yil 11-12-dekabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot institutida tibbiyot OTMlari talabalarining “Samarqand – 2020” xalqaro onlayn olimpiadasi oʻtkazildi.

Xalqaro onlayn olimpiadada Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston tibbiyot OTMlarining jami 27 ta talabalar jamoasi, yakka qatnashuvda 40 ta OTMdan 2 000 nafardan ziyod talaba qatnashdi.

Jamoalar tomonidan taqdim qilingan ijodiy ish va maʼruzalar Janubiy Koreya, Yaponiya, Polsha, Belarus, Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va mamlakatimiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy-tekshirish institutlari yetakchi olimlari, professor-oʻqituvchilaridan iborat hayʼat tomonidan baholab borildi.

Shuʼbalarda tibbiyot fundamental va klinik fanlari, jumladan odam anatomiyasi, xirurgiya, stomatologiya, akusherlik va ginekologiya, sud tibbiyoti, yuqumli kasalliklar, terapiya, kardiologiya, travmatologiya, ortopediya va shu kabi boshqa yoʻnalishlarda dolzarb masalalarga bagʻishlangan innovatsion ishlanmalar taqdim qilindi, deb xabar beradi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi matbuot xizmati.