Sifati kafolatlanmagan dori darmon va tibbiyot vositalarini noqonuniy savdosiga qarshi bojxona organlari tomonidan oʻz vaqtida chek qoʻyilmoqda.
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan Sirgʻali tumanidagi avtoturargohlarning birida tibbiyot vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbir davomida fuqaro O.J. Toshkent xalqaro aeroportining avtoturargohida shartli xaridorga jami 198 dona virus blokatorlarni noqonuniy sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Shundan soʻng, tezkor tadbir davom ettirilib, Sirgʻali tumanidagi avtoturargohda ham fuqaro R.R. xorijda ishlab chiqarilgan 1000 dona virus blokatorlarni noqonuniy ravishda pullayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida umumiy qiymati 61,5 million soʻmlik 1198 dona sifati kafolatlanmagan virus blokatorlarining noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.