Holat yuzasidan Sogʼliqni saqlash vazirligi quyidagilarni maʼlum qilgan.

Аniqlanishicha, joriy yil 27 oktabr kuni soat 15:20 larda Аngor tuman tibbiyot birlashmasining travmatologiya boʼlimida it tishlagan bemorni tibbiy koʼrikdan oʼtkazayotgan shifokor J.E.ning huzuriga 3 nafar fuqaro salomatligi toʼgʼrisida maʼlumotnoma yozib berishini soʼrab kelgan.

Shifokor ularga qabulidagi bemorga yordam koʼrsatayotganini, maʼlumotnomani esa shundan soʼng yozib berishini aytgan. Bundan norozi boʼlgan fuqarolar vrach J.E.ni ayovsiz doʼpposlab, unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Oʼtkazilgan tibbiy tekshiruvlar davomida shifokor J.E.ga "bosh miya yopiq jarohati, ogʼiz pastki lab yumshoq toʼqimalari lat yeyishi, oʼng son yumshoq toʼqimalari lat yeyishi va teri osti gematomasi, qorin boʼshligʼi aʼzolari lat yeyishi, kuchli qontalash" tashxisi qoʼyilgan.

Hozir tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan ushbu fuqarolarga nisbatan Аngor tuman ichki ishlar boʼlimi tomonidan tergovga qadar dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Oxirgi paytlarda bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan oʼz xizmat vazifasini bajarayotgan shifokor va hamshiralarga nisbatan kuch ishlatish va tajovuz qilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda. 

Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda tibbiyot xodimlari faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik belgilanishi kun tartibidagi muhim masalaga aylandi. Аngor tumanida sodir boʼlgan yuqoridagi holat esa mazkur jarayonni yanada jadallashtirish zarur ekanini yana bir bor koʼrsatdi.

Eslatib oʼtamiz, 2019-2022 yillar davomida Oʼzbekistonda 290 ga yaqin holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan. Shu bois ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tibbiyot xodimlari faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik uchun qatʼiy javobgarlik belgilash yuzasidan qonun loyihasi koʼrib chiqilmoqda.