Xususan, Sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohasida 2022-2023-yillarga moʻljallangan ikki tomonlama hamkorlik dasturiga muvofiq, bugun 50 nafarga yaqin tibbiyot xodimi Hindistonning bir qator yetakchi klinikalarida malaka oshirish uchun joʻnab ketdi.
Yurtimizning har bir hududidan saralab olingan xirurg, neyroxirurg, nevrolog, nefrolog, onkolog, reanimatolog, laborator-vrach, operatsion blok hamshirasi va hududiy tibbiy boshqaruv xodimlaridan iborat jamoa bir oy davomida hind shifokorlari tajribasini oʻrganadi.
Ularga Hindistonning “Yashoda Hospitals”, “AIG Hospitals”, “Medanta the Medicity”, “Sri Sri Holistic Hospitals” va “Image Hospitals” kabi mashhur shifoxonalarida joriy qilingan ilgʻor davolash usullarini oʻzlashtirib, mamlakatimiz tibbiyot tizimiga tatbiq qilish vazifasi yuklatilgan.
Mutaxassislarning xizmat safari davomida mehmonxona, ovqatlanish va transport xarajatlari mezbonlar tomonidan, ularning borib-kelish va kunlik xarajatlarining bir qismi esa Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.