Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlikning “Tibbiyot mutaxassislarini Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan xorijda oʻqitish, malaka oshirish (stajirovka oʻtash) va qayta tayyorlash, shuningdek, xorijiy mutaxassislarni respublikaga jalb qilishni tashkil etish choralari toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga koʻra, davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini oʻqitish, malakasini oshirish va tajriba almashishini tashkil etish, jahondagi sohaga oid ilgʻor amaliyotlarni mamlakatimizda yoʻlga qoʻyish uchun xorijiy mutaxassislarni mamlakatimizga jalb etish va bu jarayondagi xarajatlarni davlat tomonidan moliyalashtirish ham koʻzda tutilgan.

Sogʻliqni saqlash tizimidagi xorijiy mutaxassislarni jalb etish boʻyicha nomzodlarni saralash tanlovini tashkil etish, vazirlik huzuridagi Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish uchun nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish hamda saralash tartibi belgilandi.

Sohada xorijiy mutaxassisga ehtiyoj mavjud boʻlganda vazirlikning veb-saytida tibbiyot xodimlarini oʻqitish, malakasini oshirish va tajriba almashishni respublikada tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb etish boʻyicha davlat tibbiyot tashkilotlari va tibbiyotning ustuvor yoʻnalishlari roʻyxati eʼlon qilinadi.

Davlat tibbiyot tashkiloti rahbarlari oʻz muassasasi xodimlari uchun zarur bilimlarni bera oladigan, deb hisoblagan xorijiy mutaxassislarning maʼlumotlarini elektron shaklda vazirlik tomonidan belgilangan elektron pochta manziliga yuboradilar.

Nomzodlarni saralash belgilangan mezonlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Kuzatuv kengashi tomonidan saralashdan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar roʻyxati asosida xorijiy mutaxassislarni jalb etish boʻyicha umumiy reja tuzilib, tasdiqlanadi va moliyalashtirish uchun Tibbiyotni rivojlantirish jamgʻarmasi direksiyasiga taqdim etiladi.

Jamgʻarmaning Kuzatuv kengashi buyurtmachilardan xorijiy mutaxassislarni jalb etish yuzasidan kiritilgan hujjatlar boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olishga haqlidir, — deyiladi xabarda.