Tibbiyot yoʻnalishi bitiruvchilari toʻliq stavkagacha ishlashi mumkin

    Ta'lim 5 Oktabr 2022 3850

    Hukumatning “Davlat tibbiyot muassasalarini kadrlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi(561-son, 03.10.2022-y.).

    Qarorga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tajriba-sinov tariqasida 2022/2023 oʻquv yilida:

    barcha tibbiyot va OTMlarning “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Tibbiy-profilaktika ishi” yoʻnalishlari bitiruvchi kurslariga toʻliq stavkagacha oilaviy shifokor, tez tibbiy yordam shifokori va sanitariya boʻlimlarida shifokor sifatida;

    barcha tibbiyot OTMlar, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilari mutaxassisliklari boʻyicha toʻliq stavkagacha ishlashi mumkin.

    "Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Tibbiy-profilaktika ishi” yoʻnalishlari boʻyicha barcha bosqich talabalari fanlar va amaliy mashgʻulotlarning nazariy qismini masofaviy oʻzlashtiradi.

    Sogʻliqlni saqlash vazirligi shifokorlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlaydi va birinchi bosqichda 2022-yil 1-oktyabrdan Surxondaryo viloyatida, ikkinchi bosqichda esa 2022-yil 1-noyabrdan barcha hududlarda talabalarni vakant oʻrinlarga ishga joylashtiradi.