Tibbiyotda kadrlar taqchilligi muammosi yechiladi

    Shu yil 1-iyuldan boshlab 10 mingta, kelgusi yil 1-yanvardan boshlab esa yana qoʻshimcha 10 mingta oʻrta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratilishi belgilandi.

    Sogʻlom odamning atrofga qarashi ham boshqacha boʻladi, sogʻlom oʻylaydi, sogʻlom fikrlaydi, jamiyatdagi islohotlarning ishtirokchisi boʻladi. Demak, aholi salomatligini muhofaza qilmasdan turib, jamiyatni rivojlantirish qiyin.

    Pandemiya bilan bogʻliq xavf-xatarlar aholi salomatligiga, insonlar hayotiga jiddiy tahdidlarni yuzaga keltirdi. Ana shunday murakkab sharoitda Oʻzbekistonda ham sogʻliqni saqlash sohasini xalqimizga tezkor hamda sifatli xizmat koʻrsatadigan tuzilmaga aylantirish masalasiga alohida ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.

    Shu maʼnoda, “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni ayni vaqtida qabul qilingan hujjat, deb oʻylayman.

    Hozirgi sharoitda tizimda malakali mutaxassislarni koʻpaytirish, tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalasi nihoyatda dolzarbdir. Farmonda aynan mazkur yoʻnalishda bir qator muhim vazifalar belgilangan.

    Xususan, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda “tibbiyot brigadalari” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga yana-da sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatish qamrovini kengaytirish koʻzda tutilmoqda. Shu maqsadda shu yil 1-iyuldan boshlab 10 mingta, kelgusi yil 1-yanvardan boshlab esa yana qoʻshimcha 10 mingta oʻrta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratilishi belgilandi. Demak, har bir oila, har bir mahallani sifatli va tezkor tibbiy xizmat bilan qamrab olish imkoniyati yana-da ortadi.

    Eʼtiborli yana bir tomoni, joriy oʻquv yilidan boshlab klinik ordinatura mutaxassisliklari boʻyicha qabul kvotasi ikki baravar oshiriladi. Hududga zarur boʻlgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun tegishli mahalliy byudjetdan yetarli miqdorda grant ajratilib, shu asosda taʼlim olgan bitiruvchilarga tegishli hududga borib, uch yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi. Bunday shifokorlarning yashash xarajatlari mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.

    Toʻgʻrisini aytish kerak, chekka hududlarda malakali shifokorlarga ehtiyoj juda katta. Chunki tibbiyot sohasida tahsil olayotgan aksariyat kadrlar yashash uchun, ishlash uchun sharoitlar nisbatan yaxshi boʻlgan shaharlarda qolib ketmoqda. Buning natijasida olis qishloqlarda malakali shifokorlar yetishmovchiligi masalasi katta muammoga aylandi.

    Koʻnglida shifokor boʻlish istagi juda yuqori boʻlishiga qaramay, oliy oʻquv yurtlarida kvotalarning kamligi tufayli qanchadan-qancha yoshlar orzularidan kechmoqda. Demak, ushbu farmon bilan shifokor boʻlish istagida yurgan koʻplab yigit-qizlarning orzusi amalga oshadi. Shu bilan birga, hududlarda mutaxassis yetishmovchiligi muammosi kamayadi. Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatining yaxshilanishi esa xalqimiz hayot darajasining yana-da koʻtarilishiga zamin boʻladi.

    Sherbek BOʻRONOV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati