Tibbiyotda korrupsiya

    Sog‘liqni saqlash vaziri masalaga oydinlik kiritdi

    Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida “Biz korrupsiya haqida ko‘p gapiramiz, lekin vazirlik tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilsa, nima uchun vazir javob bermasligi kerak? Endi so‘rov boshqacha bo‘ladi. Vazir o‘zi rahbarlik qilayotgan sohaga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha birinchi bo‘lib o‘zi javob beradi”, dedi.

    Bu borada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiya ko‘p uchrayotgan va xodimlari aholi bilan ko‘p muloqotga kirishuvchi sohalarda mas’ul vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etmoqda. Xususan, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda tizimda “Korrupsiyaviy soha” loyihasini amalga oshirish yuzasidan 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xarita”lari tasdiqlanib, unda belgilangan vazifalar ijrosi ta’minlandi.

    — Masalan, tizimdagi korrupsiyaga oid holatlar haqida tezkor xabar berish uchun “12 03” qisqa raqamli “ishonch telefoni” va qo‘ng‘iroq markazi ishga tushirildi. Davlat tibbiyot muassasalarida byudjet mablag‘i hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berishni to‘liq elektron shaklda amalga oshirish mexanizmi joriy etildi, — deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov. — O‘ndan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazilib, davolash-profilaktika muassasalarining tasdiqlangan pulli xizmatlari ro‘yxati vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.

    Sohada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan 26 mingdan ortiq targ‘ibot materiali tayyorlanib, 3 mingdan ziyod tibbiyot muassasasi, oilaviy poliklinika va shifoxonalarning kirish joylariga joylashtirildi hamda “Sog‘liqni saqlash xodimlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid eslatma” tayyorlanib, tizim xodimlariga tarqatildi.

    — Tan olib aytishimiz kerak, sohada hali-hamon korrupsion omillar saqlanib qolmoqda. Buning natijasida tizim xodimlari tomonidan korrupsiyaga qo‘l urish holatlari uchrab turibdi, — dedi Akmal Burhonov. — Xususan, 2022 yil davomida soha vakillarining 793 nafari 805 ta korrupsion holatni sodir etdi. Jinoyatlarning asosiy qismi xodimlarning ish haqini o‘zlashtirish, ishga kiritish yoki ish soatini ko‘paytirish, davlat xaridlari, tibbiyot muassasalariga tegishli mol-mulk va byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish, tibbiy muolajalar uchun pora olish kabi holatlar bilan bog‘liq. Tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash va ularga ish haqini hisoblash bilan bog‘liq korrupsion jinoyat sodir etgan shaxslar soni sog‘liqni saqlash tizimidagi jami jinoyat sodir etgan shaxslarning deyarli 50 foizini tashkil etmoqda.

    Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, korrupsiyaviy jinoyatlarga qo‘l urayotgan shaxslarning aksariyati shifokor yoki umuman tibbiyot xodimi emas, balki rahbar va ma’muriy boshqaruv vakillaridir.

    — Korrupsiyaga qarshi kurashda 17 ta aniq vazifani belgilab oldik va uni amalga oshirish bo‘yicha qadamlar qo‘ya boshladik, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov. — Bu oson bo‘lmaydi. Korrupsiya holatlarining oldini olish, unga qarshi kurashish, korrupsiyaning oldini privintiv olishni vazirlik markaziy apparatining o‘zidan boshlashimiz kerak. Ayni paytda davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan 4 ming nafarga yaqin mutasaddining dunyoqarashini tubdan o‘zgartirishimiz zarur. Chunki bugungi talab kechagidan tubdan farq qilishini tizimdagi rahbar-xodimlar yaxshi tushunishi shart. Mutasaddi qat’iy iroda bilan ish yuritsa, tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish va unga barham berishda samaraga erishish mumkin.

    Joriy yil tizimda “Korrupsiyaga qarshi kurash yili” deb e’lon qilindi, vazirlikning maxsus “ishonch telefoni” tashkil etildi. Shu bilan birga, ishonch telefoni sifatida vazirning shaxsiy raqami orqali ham murojaatlar qabul qilinayotir. Amrillo Inoyatovning aytishicha, vazirning boshqarma xodimlari uchun ochiq bo‘lgan mobil telefon raqamiga har kuni 500 tagacha murojaat kelib tushyapti. Murojaatlar odamlarning ish haqini oshirish, uy-joy olishiga ko‘maklashish haqidagi so‘rovlar bilan bog‘liq bo‘lsa-da, korrupsiya holatlari ham istisno qilinmayapti.

    Jumladan, Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon filiali kadrlar bo‘limi inspektori ishga joylashtirish uchun 400 AQSH dollari miqdorida pora olayotgan vaqtda jinoyat ustida ushlangan. Mazkur holat yuzasidan filial direktori va kadrlar bo‘limi boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Zero, mutasaddining kadrlarni tanlash qobiliyati korrupsiyaga qarshi kurash asoslaridan biridir.

    Sog‘liqni saqlash sohasi rahbariyati tomonidan e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar talaygina. Masalan, malakali jarrohni tuman shifoxonasiga bosh shifokor yoki tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i etib tayinlash bilan bir vaqtning o‘zida yaxshi jarrohni yo‘qotib qo‘yish, sifat bo‘yicha menejer topolmay qolish mumkin. Shu bois, tajriba sifatida rahbarlik lavozimlariga boshqa sohalardan menejerlar chaqirish taklifi bildirilmoqda.

    Yaqinda sohada korrupsiyani bataraf etish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ochiqlikni ta’minlashga oid vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Shuningdek, tibbiyot sohasida korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish, sog‘liqni saqlash tizimini korrupsiya illatidan xoli qilish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan choralarni amalga oshirishga kelishib olindi.

    Jumladan, sohada korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini jamoatchilik va OAV vakillariga muntazam taqdim etib borish hamda muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilish jarayonidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va xodimlarni ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilish yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha elektron platformani ishga tushirish rejalashtirilyapti. Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy veb-saytida tizimdagi barcha muassasalar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar joylab va doimiy yangilab borish, tibbiyot xodimlariga munosib mehnat sharoiti yaratish va daromadini oshirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish yuzasidan zamonaviy mexanizmlar joriy etiladi.

    Tibbiyot muassasalari rahbarlari, kadrlar xizmati hamda bosh hisobchilarni kasbiy odobaxloq qoidalariga rioya etish, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf qilish va korrupsiyaga qarshi kurashning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslarida doimiy va tizimli ravishda o‘qitish tartibini joriy etish navbatdagi muhim masalalar sirasiga kiradi. Tibbiyot muassasalarida bemorlar davolanishi uchun mo‘ljallangan jami o‘rin (joy) soni, jumladan, ulardagi band qilingan va bo‘sh turgan o‘rin haqida onlayn ma’lumot beruvchi elektron platformani ishga tushirish, bepul tibbiy xizmat olish huquqini beruvchi orderlarni taqsimlash jarayonining ochiq va shaffofligini ta’minlash tartibini ishlab chiqish, elektron order tizimini masofaviy monitoring qilish orqali korrupsiyaviy omillarga chek qo‘yib, navbatsiz order olish imkoniyatini bartaraf etish korrupsiyaning oldini olishda samara beradi.

    Shu kabi xizmatlar ko‘rsatish texnologiyasi, zarur kadrlar resursi, dori-darmon va tibbiyot buyumlari sarflanishini nazarda tutadigan sog‘liqni saqlash sohasidagi tibbiy xizmatlarning yagona reyestrini yaratish, sohada zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha boshlangan ishlarni to‘liq qayta inventarizasiyadan o‘tkazish, barcha tibbiyot muas sasalari faoliyatini o‘ziga qamrab oluvchi yagona elektron bazani ishga tushirish va ajratiladigan mablag‘ning sarflanishi ustidan qat’iy jamoatchilik nazorati mexanizmlarini joriy etish bugunning muhim vazifalaridan. Har bir tibbiyot muassasasi, oilaviy poliklinika va shifoxonaning kirish joylarida va vazirlikning rasmiy veb-saytida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori-darmon ro‘yxati joylashtiriladi va jamoatchilik xabardor qilib boriladi. Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy boshqarma boshliqlari faoliyatini eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida baholash tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Tibbiyot muassasalaridagi tibbiy uskuna va jihozlar talon-toroj qilinishining oldini olishga qaratilgan real vaqt rejimida ishlaydigan elektron platforma ishga tushiriladi. Tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malaka toifasi olish bo‘yicha taqdim etiladigan hujjatlari Davlat xizmatlari markazlari orqali faqat elektron shaklda qabul qilish va attestasiya jarayonlarini onlayn test orqali o‘tkazish tartibi joriy etiladi. Vazirlik markaziy apparati va hududiy tuzilmalarida alohida shtat biriklari asosida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi (komplayens nazorat) faoliyatini samarali tashkil etish choralarini ko‘rish bo‘yicha kelishuv bayonotda o‘z ifodasini topdi.

    Mazkur vazifalar ijrosi agentlik va vazirlik huzuridagi jamoatchilik kengashlari tomonidan muntazam muhokama qilinadi hamda bu borada qilingan ishlar har chorakda brifing yoki matbuot anjumani shaklida ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikka yetkaziladi.

    Risolat MADIYEVA,

    “Yangi O‘zbekiston” muxbiri