Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1-son Dermatovenerologiya va kosmetologiya kafedrasi, Urganch DTI hamda O‘zbekiston xususiy amaliyot shifokorlari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjuman zamonaviy tibbiyotimiz taraqqiyotida yana bir qadam bo‘ldi.

15 noyabr kuni Urganch davlat tibbiyot instituti majlislar zalida muhim ilmiy voqea — “Tibbiyotda yangi texnologiyalar va terapiya usullari” mavzusidagi VII xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1-son Dermatovenerologiya va kosmetologiya kafedrasi, Urganch DTI hamda O‘zbekiston xususiy amaliyot shifokorlari assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjuman zamonaviy tibbiyotimiz taraqqiyotida yana bir qadam bo‘ldi.

Tadbirning dastlabki daqiqalaridanoq zalda ilmiy ruh, o‘zaro hurmat va izlanishga to‘la muhit sezilib turdi. Mahalliy va xorijiy mutaxassislar, magistrlar, klinik ordinatorlar, talabalar — hammani birlashtirgan yagona sa’y-harakat bor edi: yangi bilim, yangi texnologiya, yangi tajriba.
Yuksalayotgan tibbiyotning yangi ko‘rinishi
Anjumanda dermatovenerologiya, kosmetologiya va terapevtik amaliyot sohalaridagi eng so‘nggi ilmiy yangiliklar, dunyo tajribasida qo‘llanilayotgan innovatsion usullar atroflicha yoritildi. Ma’lumotlar zamonaviy tibbiyotdagi global tendensiyalarning yurtimizda ham jadal aks etib borayotganini ko‘rsatdi.

Xorijiy ekspertlar taqdim etgan maʼruzalar esa tinglovchilar uchun yangi platformalar, yangi nigohlar ochib berdi. Ayniqsa, diagnostikada sun’iy intellektdan foydalanish, zamonaviy terapevtik protokollarni yangilash, kosmetologiyada dolzarb biotexnologik yondashuvlar bo‘yicha fikrlar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ayniqsa, anjumanda Rossiya, Qozog‘iston, Hindiston va Belarusdan kelgan taniqli mutaxassislarning ishtiroki tadbirga haqiqiy xalqaro ilmiy maydon ruhi bag‘ishladi. Ularning har biri o‘z yo‘nalishida noyob tajriba, innovatsion yondashuv va amaliy tahlillari bilan anjuman mazmunini yanada boyitdi.

Anjuman bir kunlik ma’ruza emas, balki fikrlar to‘qnashuvi, ustoz-shogirdlar uchrashuvi, jonli muloqot maydoniga aylandi.

Yosh olimlar o‘z izlanishlari haqida fikr almashdi, ular uchun bu tadbir xuddi mahorat maktabidek bo‘ldi. Taniqli mutaxassislar bilan bevosita suhbat esa ularga yangi ilhom, yangi yo‘nalishlar belgilash imkonini berdi.
Anjumaning yana bir muhim jihati — xalqaro darajadagi ochiq muloqot bo‘ldi. Qatnashgan xorijiy mutaxassislar o‘z faoliyatida qo‘llayotgan noyob texnologiyalar haqida ma’lumot berdi.

Bu esa kelajakdagi hamkorlik aloqalari uchun mustahkam zamin yaratdi.

VII xalqaro anjuman yana bir bor isbotladiki, yurtimiz tibbiyoti jadal o‘zgarish jarayonida.
Islohotlar, yangilanishlar, ilmiy hamkorlik — bularning barchasi mamlakatimiz tibbiyotini yangi, yanada dadil bosqichga olib chiqmoqda.

Urganchda o‘tgan ushbu anjuman nafaqat bir kunlik ilmiy yig‘in, balki kelajakka qarab qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi. Ya’ni — bilim, tajriba va hamkorlikka tayangan yangi avlod tibbiyoti sari tashlangan yorqin harakat.

 

Tashkenbaeva Umida,
tibbiyot fanlari doktori, professor.

Mirvasidov Mirkamol