Andijon davlat tibbiyot institutida ham ta’limni rivojlantirish tibbiyot sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, amaliyot va nazariyani uyg‘unlashtirish hamda tibbiyot fanining ilg‘or yutuqlarini ta’lim jarayoniga tatbiq etish orqali amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2021 yili viloyatga tashrifi chog‘ida Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasida bo‘lib, u yerdagi ahvolni ko‘zdan kechirar ekan, klinikani to‘liq rekonstruksiya qilib, uning negizida vodiy aholisi uchun kardiologiya, neyroxirurgiya, ko‘z kasalliklari va urologiya bo‘yicha murakkab operatsiyalar o‘tkazadigan tibbiyot markazi tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
“Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlash uchun, eng avvalo, odamlarning salomatligi va yashash sharoitini yaxshilashimiz kerak. Institut va klinika bu borada katta markazlardan biri bo‘la oladi. Buning uchun zarur sharoitlarni yaratamiz. Faqat ta’lim metodikasini yangilash, dunyo tibbiyotida qo‘llanayotgan ilg‘or uslublarni tatbiq etish kerak”, deya ta’kidlagandi davlatimiz rahbari.
Xo‘sh oradan o‘tgan 4 yil davomida mazkur tibbiyot ta’lim dargohida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi? Berilgan topshiriq va vazifalar qay darajada bajarildi?
Yangi O‘zbekiston ruhi
— Aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza qilish, tibbiyot sohasidagi islohotlar samarasini oshirish davlatimizning doimiy e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Buni har bir yurtdoshimiz o‘zining kundalik turmushida sezib, ko‘rib yashamoqda. Prezidentimizning 2021 yil 29 sentyabr kuni Andijon viloyatiga tashrifi davomida institutimiz klinikasi bilan tanishgani oliy ta’lim muassasamiz hayotida muhim voqea bo‘ldi va institutimiz hayotida tub burilish yasadi, — deydi Andijon davlat tibbiyot instituti rektori, professor Madamin Madazimov. — 2021 yil 25 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “Andijon davlat tibbiyot instituti va uning klinikasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi va ish jarayonlari boshlanib ketdi. Klinika hududidagi 2 gektar maydonda institutning 2000 o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi qad rostladi. Bino 7 qavatdan iborat bo‘lib, har bir qavatda 28 ta xona mavjud. O‘quv xonalari interaktiv doskalar, zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan.
O‘quv binosida 12 ta ma’ruza zali mavjud. Binoning ikkinchi qavatida jahon standartlariga mos, katta imkoniyatlarga ega simulyasiya markazi joylashgan. Uchinchi qavat stomatologiya yo‘nalishi uchun mo‘ljallangan zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan jihozlangan. Binoda asosan klinik kafedralar o‘rin olgan. Klinika va mazkur o‘quv binosi o‘rtasida telemedisina tizimi xizmati joriy qilingan. Klinikaning jarrohlik bo‘limlarida amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘quv xonalariga uzatilaib, ko‘rsatiladi.
Talabalar ushbu jarayonda shifokorga o‘z savollarini berish va bir vaqtning o‘zida javob olish imkoniga ega. Institutning markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriyasi qurib bitkazilgani ham talabalarga qulay imkoniyatlar yaratdi. 4 qavatdan iborat bo‘lgan bino 400 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 30 ta o‘quv, 21 ta laboratoriya xonalariga ega. Shuningdek, yana bir qancha yordamchi bino va inshootlarda qurilish ishlari yakunlanish arafasida.
Ta’lim dargohi so‘nggi yillarda bir qator yutuqlarga ham erishdi. O‘tgan yili UI Green Metric World University Ranking (Yashil universitetlarning global reytingi) dunyo universitetlarining xalqaro reytingida sertifikat bilan taqdirlandi.
Institutining davolash ishi (o‘zbek, rus va ingliz tilida), stomatologiya fakultetlari ta’lim dasturlari Qozog‘iston Respublikasining ECAQA markazi tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Albatta, bu jarayonlarning barchasi mamlakatimizda kechayotgan istiqbolli islohotlar va institut professor-o‘qituvchilarining hamjihatlikdagi samarali mehnati va fidokorligi natijasidir.
Zamonaviylik – bu faqat texnologik taraqqiyot emas
Tibbiyotdagi zamonaviylik – faqat texnologik taraqqiyot emas, balki ta’lim, diagnostika, davolash va boshqaruv sohalaridagi keng qamrovli yangilanishlarni o‘z ichiga olgan yangi bosqichdir. Andijon davlat tibbiyot instituti ham yangi bosqich va yangilanishlar qamrovida dunyoning 60 dan ziyod tibbiyot sohasidagi universitet va institutlar bilan xalqaro hamkorlik qilmoqda.
Hozir 105 ta xalqaro shartnoma imzolangani va xorijiy o‘quv yurtlari bilan doimiy tarzda talaba va mutaxassislar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgani ham so‘nggi yillarda institutda kechayotgan izchil islohotlarning natijasidir. Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti bilan stomatologiya yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi asosida ayni paytda institutning 47 nafar talabasi Dog‘istonda tahsil olmoqda.
2023 yilda institut Koreya milliy transport universiteti bilan hamkorlikda “Paramedisina” yo‘nalishi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bugungi kunda 16 nafar talaba ushbu yo‘nalishda o‘qimoqda. Ta’kidlab o‘tish joizki, institutning moddiy-texnik bazasida yaratilgan sharoitlar, qulay muhit, nazariya va amaliyotning uyg‘unligi malakali kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Tibbiyotda Andijon brendini yaratamiz
Institut rektori Madamin Madazimov deydi:
“Joriy yilning 15-16 aprel kunlari davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Yangi Andijon shahrini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni muhokama qilar ekan, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimidagi dolzarb masalalarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Prezidentimizning “Bu zaminda Yangi O‘zbekiston ruhi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib bordi. Bu – islohotlarimizning eng katta natijasi”, deya aytgan so‘zlari ko‘nglimizni quyoshdek yoritdi. Davlatimiz rahbari viloyatning har jabhasidagi islohotlar ijrosi va odamlarning kundalik hayotiga kirib borayotgan ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etish barobarida, tibbiyotda Andijon brendini yaratish bo‘yicha barcha imkoniyatlar borligini ham ta’kidladi. O‘tgan yili 650 o‘rinli klinika Andijon davlat tibbiyot instituti balansiga o‘tkazilib, uni ta’mirlash va jihozlashga 180 milliard so‘m mablag‘ berildi.
Institut klinikasining qurilish-ta’mirlash ishlariga institut tomonidan 80 milliard so‘m miqdorida pul mablag‘i ajratildi va ushbu tashabbus Prezidentimiz tomonidan ma’qullandi. Institutimiz klinikasida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini yakunlashni jadallashtirish va jihozlash uchun 100 milliard so‘m ssuda ajratilishi belgilandi.
Hozir bu klinika 11 ming talabaga bir vaqtning o‘zida ham o‘qish, ham amaliyot o‘tash imkonini beradi. Oliy ta’lim muassasamizda simulyasion markazda tibbiyot xodimlari malakasini ikki bosqichda baholash tizimini yo‘lga qo‘yish, klinika yoniga travmatologiya, pediatriya va jarrohlik, ginekologiya bo‘limini qurib, klasterga aylantirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Simulyasion markazda sinovdan o‘tgan tibbiy xodimlarga qo‘shimcha 100 foiz ustama berilishi belgilandi.
Shuningdek, Prezidentimiz bugungi kunda 2 ming nafar namanganlik yoshlar Andijonga qatnab o‘qiyotganini hisobga olib, Namangan davlat universitetining tibbiyot fakulteti Andijon tibbiyot instituti filialiga aylanishi, bu filial keyinchalik mustaqil oliygoh darajasiga olib chiqilishi hamda Andijon tibbiyot institutiga esa universitet maqomi berilishini aytib o‘tdi. Buni institutimizning fidoyi, jonkuyar jamoasiga bildirilgan yuksak ishonch deb bilamiz va bu ishonchni oqlash uchun yanada kuch-quvvat hamda shijoat bilan ishlaymiz. Institutda xorijdan kelib tahsil olayotgan talabalar soni ham yildan yilga ortib bormoqda. Hozirgi kunda ularning soni 1000 nafardan ziyod.
Shuni inobatga olgan holda davlatimiz rahbari Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy va Hindistondan kelib o‘qimoqchi bo‘lganlar hisobiga viloyatda tibbiy ta’lim eksportini yiliga 20 million dollardan oshirish mumkinligini ta’kidladi. Mutasaddilarga xorijdan kelib o‘qiyotgan talabalar uchun “talaba vizasi” joriy qilish bo‘yicha bir oyda taklif kiritish topshirildi. Bu institutimizga xorijdan kelib o‘qish istagini bildirgan yoshlarga qulaylik yaratadi.
Institut klinikasida faoliyat yurituvchi 150 nafar yosh mutaxassislarimiz dunyoning eng rivojlangan mamlakatlariga borib malakasini oshirib qaytdi. Ular klinikada mustaqil ravishda yuqori texnologik davolash muolajalarini amalga oshirish tajribasiga ega. Bu tibbiy turizmni rivojlantirishga turtki beradi. Kelgusida tibbiy turizmdan 1 million 200 ming dollarlik mablag‘ tushirish rejamiz bor.
Bundan tashqari, klinikada barcha turdagi operatsiyalar bajariladi. Qo‘shimcha 4 ta bo‘lim qurilib, joylar soni 850 taga yetkaziladi. Amalga oshirilayotgan ishlar bemorlarni qulay sharoitlarda sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishlari, talabalarning nazariy olgan bilimlarini amaliyot bilan teng olib borishlariga keng imkon bergani holda, dual ta’limni yorqin andozasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Jarrohlik amaliyotida bo‘ladigan buyrak transplantatsiyasi hozirda 20 nafar bemorda o‘z mutaxassislarimiz tomonidan o‘tkazildi. Klinikamiz foydalanishga topshirilgandan so‘ng bizning mutaxassislar Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda jigar transplantatsiyasi operatsiyasini o‘tkazadi. Amerika Qo‘shma Shtatlarining dunyo reytingida top-100 talikda 3-o‘rinni egallab turgan Klivlend klinikasi mutaxassislari bir yil davomida klinikamizda bo‘lib yurak qon-tomir operatsiyalarini yo‘lga qo‘yib, jarayonlarga institut mutaxassislarini tayyorlashda mahorat darslarini o‘tkazishi ham rejalashtirilgan.
Viloyatning 160 ta birlamchi tizim davolash muassasalariga amaliy yordam berish maqsadida 132 nafar professor-o‘qituvchi mas’ul etildi. Onkologiya xizmatini takomillashtirish maqsadida 17 ta shahar va tumanga institutimizning onkolog va gematolog mutaxassislari biriktirilib, 36 soatlik o‘quv dasturi ishlab chiqildi. 28 nafar onkolog, 32 nafar gematolog malakalari oshirildi va hududlarda bemorlarga amaliy uslubiy yordam ko‘rsatildi.
Institutimizning jarrohlik yo‘nalishi bo‘yicha kafedralari yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida 84 ta ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini tumanlarda o‘tkazib berishdi. Ushbu jarayonlarda institut talabalari ham faol ishtirok etmoqda. Xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, mas’uliyatli shifokorlarni tarbiyalash bizning bosh maqsadimiz va muhim vazifamizdir”.
Yangilanishlar, o‘zgarishlar va yutuqlar
Zamonaviy tibbiyot ta’limi nafaqat bilimli va malakali kadrlar yetishtirishni, balki innovasion texnologiyalar va ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy etishni ham o‘z ichiga oladi. Andijon davlat tibbiyot institutidagi yangilanishlar yangi O‘zbekistonda kechayotgan shiddatli, istiqbolli o‘zgarishlarning kichik bir ko‘rinishidir.
Islohotlar samarsini institutda xorijdan kelib tahsil olayotgan talabalar sonining yildan yilga ortib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Bugungi kunda ming nafardan ziyod xorijlik talaba aynan shu tibbiyot ta’limi maskanida tahsil olmoqda. “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida joriy o‘quv yilidagi 2297 nafar bitiruvchining 800 nafardan ziyodi ish bilan to‘liq ta’minlangan.
Ilmiy faoliyat sohasida ham Andijon tibbiyot institutining yutuqlari talaygina. Institutning travmatologiya, ortopediya va neyrojarrohlik kafedrasi mudiri Qobil Xudayberdiyevning II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangani va “Yilning eng yaxshi shifokori” respublika tanlovida, “Yilning eng yaxshi neyroxirurgi” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagani ushbu maskandagi izchil islohotlarning natijasidir. “Koreya Xalqaro Ixtirochi ayollar ko‘rgazmasi “KIWE” – 2024”da Koreya ixtirochi ayollari Assosiatsiyasi tomonidan institutning gospital pediatriya kafedrasi dotsenti Xurmatoy Xankeldiyeva oltin medal bilan taqdirlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, tibbiy ta’lim muassasasida faoliyat olib borayotgan 950 nafar o‘qituvchining 60 nafari fan doktori, professor, 256 nafari esa fan nomzodi, dotsentdir. Bilimli va tajribali ustozlar ta’limini olgan talabalar ham ular ortidan ergashib, salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Birgina o‘tgan yilning o‘zida institutning 6 nafar talabasi Prezident va boshqa davlat stipendiyalariga sazovor bo‘ldi. “Samarqand–2020” V Xalqaro tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalari olimpiadasida ishtirok etgan 20 nafardan ziyod talabaning yuqori o‘rinlar va turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgani alohida ahamiyatga molik voqeadir.
Ha, yuksak saviyadagi tibbiy kadrlar bu faqatgina kasalliklarni davolovchi shifokorlar emas, balki jamiyatning sog‘lom turmush tarzi va profilaktika madaniyatini shakllantiruvchi yetakchilardir. Shu boisdan tibbiyot ta’limidagi islohotlar va yutuqlar mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishda hal qiluvchi omil hisoblanadi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri









