Tibbiyotni raqamlashtirish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash masalalari muhokama etildi

    Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlarning bugungi holati hamda sohadagi boshqa muhim vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazdi.

    Videoselektor shaklidagi ushbu majlisda vazirlik markaziy apparati mas’ul xodimlari, tuzilma rahbarlari, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari bosh shifokorlari ishtirok etdi.

    Kun tartibidagi dastlabki masala kadrlar siyosati va ijro intizomiga doir bo‘ldi.

    Qayd etilganidek, zamonaviy tibbiyotni axborot texnologiyalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois davlatimiz rahbari tomonidan sohani raqamlashtirish, davolash-profilaktika muassasalari faoliyatiga elektron tizimlarni keng joriy etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

    Bu orqali aholiga tez va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, sohani yanada takomillashtirish, tibbiyot xodimlari va bemorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsad qilingan.

    Xususan, Prezidentimizning 2021 yil 23 fevraldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan vazirlik muassisligida “IT-Med” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, u “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etishga mas’ul etib belgilangan edi.

    Biroq o‘tgan davr mobaynida bu yo‘nalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil qilinmadi. Tibbiyot muassasalari faoliyatiga axborot texnologiyalari talab darajasida tatbiq etilmadi. Oqibatda esa davlatimiz rahbari tomonidan tizim faoliyatiga doir qo‘yilgan bir qator muhim vazifalar ijrosi ta’minlanmadi.

    Yig‘ilishda vazir ushbu masalalarga to‘xtalar ekan, muammolarning ildizi “IT-Med”ga yetakchilik qilib kelgan rahbar kadrda bugungi zamon talablariga mos bilim va salohiyat, tashabbuskorlik, mas’uliyat, muammoli masalalar yechimiga professional va kreativ yondashuv yetishmasligini ta’kidlab, ushbu tuzilma faoliyatini jiddiy tanqid ostiga oldi.

    Shundan kelib chiqib, o‘z ishida qator kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun muassasa rahbari Artur Hakimov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

    Shuningdek, yig‘ilishda vazir aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari hamda tibbiy buyumlar bilan ta’minlash masalasiga ham alohida to‘xtalib, bu yo‘nalishdagi og‘riqli muammolar haqida o‘ta tanqidiy fikrlar bildirib o‘tdi.

    Yakunda ushbu sohaga mas’ul bo‘lgan vazirlik qoshidagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi” davlat unitar korxonasiga yangi rahbar tayinlandi.

    Uning zimmasiga ushbu yo‘nalishda shaffof tizimni yaratish, sohaga xalqaro standartlar, yuqori texnologiyali laboratoriyalarni joriy qilib, mamlakatda farmasiya sohasini yangi bosqichga olib chiqish, markazda faoliyat ko‘rsatuvchi kadrlar malakasini jahon talablari darajasida oshirib borish hamda o‘z ishiga halol hamda vijdonan yondashadigan bilimli va mahoratli mutaxassislardan iborat jamoani shakllantirish kabi muhim vazifalar yuklatildi.

    Yig‘ilishda, shuningdek vazirlikning Sog‘liqni saqlash tizimi infratuzilmasini rivojlantirish, ularni ekspluatasiya qilish va transport hisobini yuritish boshqarmasi hamda Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boshqarmasiga yangi boshliqlar tayinlandi. Ularga qisqa muddatda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni butunlay yangicha tizim asosida yo‘lga qo‘yish vazifasi topshirildi.