Bu tadbir nafaqat ma’naviyat, balki ma’rifat va fidoyilik saboqlariga boy kechdi. Tantanali uchrashuvda talabalar qalbiga ilhom bag‘ishlagan faxriy mehmon — “Favvora film” studiyasi asoschisi va prodyuseri Keldiyor Xujayorov bo‘ldi. Uning so‘zlari qalblarga singdi, fikrlari esa bir haqiqatni eslatdi:

Til va kino — bir xalqning yuz ifodasi

Keldiyor Xujayorov suhbat davomida o‘zbek tilining jozibasi va so‘z qudrati haqida to‘xtalar ekan, shunday dedi:

“Agar til yo‘qolsa, xalqning yuragi ham jim bo‘ladi. Shuning uchun har bir film, har bir asar, har bir suhbatda ona tilimizning ruhi sezilib turishi kerak.”

Keldiyor Xulayorov bu fikrini Navoiy va Bobur ijodi, Ibn Sino merosi, shuningdek Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf asarlariga bag‘ishlangan filmlar yaratish jarayonidan lavhalar keltirish orqali ochib berdi. Uning ta’kidlashicha, milliy kino san’ati — o‘zbek tili bilan tirik, o‘zbek tili bilan g‘ururlidir.

Kino – ma’naviyat elchisi

Suhbat jarayonida prodyuser nafaqat ijodiy, balki falsafiy qarashlarini ham o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy kino san’atining bosh maqsadi – xalqni birlashtirish, tilni yuksaltirish va insoniy qadriyatlarni ulug‘lashdir.

Shu ma’noda, Xujayorov ilgari surgan yangi g‘oya — “tibbiyot fidoyilari haqida film yaratish” tashabbusi ham talabalar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. U bu orzusi haqida shunday dedi:

“Tibbiyot fidoyilari – zamonaviy qahramonlar. Ular hayot uchun kurashadi. Shu kurashni kino tili orqali ko‘rsatish – mening orzum.”

Ma’rifatning so‘z bilan yuksalishi

Tadbir davomida talabalar o‘z fikr va mulohazalarini bildirishdi, mehmon bilan samimiy savol-javoblar o‘tkazildi. “Ma’rifat darsi” doirasida o‘zbek tili va adabiyotining boy merosi, yoshlarning tilga bo‘lgan e’tiborini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘in yakunida esa barcha bir fikrga keldi: Ona tili – millatning vujudi, yuragi va iftixoridir. Uni ardoqlash, avlodlarga yetkazish – har bir fuqaroning sharafli burchidir.

 

Gulchehra Mirzayeva,

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Matbuot kotibi