21-oktyabr sanasi yurtimizda Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlanadi. Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti ish boshlagani ham buning yaqqol dalilidir. Binobarin, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonun bugungi kunda toʻliq ravishda rasmiy, oʻzaro muloqot jarayonida va adabiy til sifatida amalda qoʻllanib, yurtimiz Markaziy Osiyodagi eng yirik davlat sifatida mintaqada oʻz oʻrniga, nufuziga ega ekanligini jahon eʼtirof etib turibdi.
2019-yil 21-oktyabr kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan Farmonda ham davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini belgilash, xorijda istiqomat qiluvchi vatandoshlar va oʻzbek tilini oʻrganish istagida boʻlgan chet el fuqarolari uchun oʻzbek tili darsliklari va elektron darsliklarni ishlab chiqish hamda ularni keng miqyosda tarqatish, oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha maxsus kurslarni tashkil etish kabi vazifalar belgilangan.
“Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga oʻz soʻzini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar”, degan edi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kunning 30 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida.
Alisher Navoiy hazratlari “Tilga eʼtiborsiz, elga eʼtiborsiz”, deya bejiz taʼkidlamagan. Ona tilini sevmagan, uning qadrini anglamagan inson yuragida el-yurtga boʻlgan muhabbat ham boʻlmaydi. Biz tilimizni asrash va uni rivojlantirish uchun qanchalik harakat qilsak, uning dunyo hamjamiyati maydonidagi nufuzi va poydevori ham shunchalik mustahkamlanib boradi.
Shuningdek, iqtidorli yoshlarning ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish va rivojlantirish, ularning davlat tilini targʻib qiluvchi ijodiy ishlarini rivojlantirish va ommalashtirish orqali yosh avlodda ona tiliga nisbatan milliy gʻurur hissini shakllantirish, ularda umuminsoniy qadriyatlarga boʻlgan hurmat tuygʻusini tarbiyalash adliya idoralari xodimlarining ham vazifasidir.
Ona tilimizning ulkan yutuqlari, uning nufuzi haqida shahrimizning oʻrta taʼlim maktablari, kollej va akademik litseylari oʻqituvchi va oʻquvchilari ishtirokida oʻtkazilgan onlayn tarzidagi brifinglarda, olib borilgan tadbirlarda tushuntirish hamda oʻquv ishlari doimiy ravishda tashkillashtirib kelinmoqda. Keng jamoatchilikda vatanparvarlik, maʼnaviy – adabiy merosimiz, ona tilimiz tarixiga qiziqish uygʻotish, uni asrab avaylashga chorlash kabi maqsadlar ham koʻzda tutilganki, ularning amalga oshishi tilimiz taraqqiyoti bilan bogʻliq oʻta muhim omillardir.
Til – millatning soʻngi qoʻrgʻoni. Millat ruhi faqat tilda saqlanib qoladi. Taniqli olim Zuhriddin Isomiddin toʻgʻri taʼkidlaganidek: “Oʻzbek tili bizning milliy boyligimiz yoki faxri – gʻururimiz emas. U.. bayroq, gerb yo gimn singari ramzlardan biri ham emas. Chunki ularning hammasini, sharoit taqozo qilsa – oʻzgartirsa boʻladi. Ammo tilingizni qanday oʻzgartirasiz? Til – millatning joni. Shu til boʻlmasa – oʻzbek yoʻq, Oʻzbekiston yoʻq”.
Nazar Qarshiboyev,
Guliston shahar adliya boʻlimi boshligʻi