Germaniyaning Berlin shahrida o’tkazilgan “O’zbek tili haftaligi” doirasida Gumboldt universitetida Germaniyadagi O’zbekiston elchixonasi hamda O’zbekistondan tashrif buyurgan adabiyotshunos va tarjimon, O’zbekiston Davlat jahon tillari universiteti, amaliy fanlar kafedrasi o’qituvchisi Hafiza Qo’chqorova boshchiligidagi delegatsiya a’zolari olti nafar olima – O’zbekiston Milliy universiteti dotsentlari – Xurshida Jalilova, Iroda Jo’rayeva, O’zbekiston Respublikasi Oriental (Al Buxoriy) universiteti dotsenti Farida Egamberdiyeva, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti professori Zamira Ashurova, O’zbekiston Davlat jahon tillari universiteti tadqiqotchisi, ingliz tilini o’qitish metodikasi va ta’lim texnologoyalari kafedrasi katta o’qituvchisi Elmurodova Gulrux hamda O’zbekiston hunarmand ayollar uyushmasi a’zosi Kamolova Havogullar ishtirok etishdi.

Unda Gumboldt universiteti Osiyo va Afrikashunoslik fakulteti Markaziy Osiyo bo‘limi professor-o‘qituvchilari, o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijlik talabalar, shuningdek tilshunos va adabiyotshunoslardan iborat ona tilimizning jonkuyarlari delegatsiyasi ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Gumboldt universiteti Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari professor Maks Shtefan-Emmrix, o‘zbek tili o‘qituvchisi doktor Ayfer Durdu xonim o‘zbek tilini o‘rganish universitetda bugun an’anaga aylangani, bu yerda nafaqat o‘zbek tilini balki, o‘zbek madaniyati, tarixi, urf-odatlarini o‘rganishga qiziqish ortib borayotganini ta’kidladilar.

Tadbir dasturiga ko‘ra ishtirokchilar e’tiboriga O‘zbekistondan kelgan adabiyotshunos va madaniyat arboblari tomonidan turli mavzularda chiqishlar taqdim etildi. Xususan, O‘zbekiston Milliy universiteti o‘qituvchisi, adabiyotshunos Xurshida Jalilova «O‘zbek jadidchilik adabiyoti va unda sayohatnoma janrining o‘rni», Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ilmiy bo’lim boshlig’i, professor Zamira Ashurova «O‘zbekistonda turizmning har jabhada, jumladan madaniy merosdan boshlab, tibbiy sohada ham barqarorlashuvi” mavzusida ma’ruza qilar ekan, shuningdek, nemis yoshlari o’rtasida “O’zbek tilini nega o’rganish kerak?” nomli qiziqarli taqdimiot ham qilindi. Taqdimotda tilimizning xalqaro miqyosda o’rganilishining asosiy xususiyatlari sifatida olti tamoyil tilga olinib, xususan, bugungi kunda xorij yoshlari tilimizni o’rganishlari barobarida dunyo tillari ichida turkiy tillar oilasiga masnubligi jihatidan ahamiyatli ekanligi, tilimizda dunyo madaniy merosining namunalarini bevosita o’rganish mumkinlgiga alohida to’xtalib, Yangi O’zbekistonning xalqaro maydonga ochiqligi inobatga olinishi ham ko’zda tutilishi lozimligi aytildi.

Dilfo’za Yusupovaning «Yangi O‘zbekistonni bilasizmi?» mavzusidagi taqdimot qatnashchilarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Unda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yoshlarning zamonaviy ta’lim olishi, o‘z davrining yetuk va ilg‘or mutaxassislari bo‘lib yetishishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, shuningdek, o‘zbek tilini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. 

Bundan tashqari, tadbirda o’zbek shoirasi Farida Afro’z she’riyatidan namunalar o’zbek tilida va Hafiza Qo’chqorova tomonidan nemis tiliga qilingan tarjimalari o’qib eshittirildi.

O’zbekiston Respublikasi Oriental (Al Buxoriy) universiteti dotsenti, pedagogika va psixologiya kafedrasi mudiri Farida Egamberdiyeva “O’zbek tilini o’rganishda milliy qadriyatlar shakllanishining psixologik omillari” mavzusidagi ma’ruzasi xorij talabalarida o’zbek tilini o’rganishga bo’lgan qiziqishlarini yanada orttirdi.

O’zbekiston Milliy universiteti dotsenti Iroda Jo’rayevaning “O’zbek tilida murojaat qadriyati” deb nomlangan taqdimotida ko’rsatilgan murojaat qadriyatininga ham o’zgacha ekanligi, o’zbek oilalaridagi o’zaro murojaat qadim zamonlardan beri toki bugunga qadar saqlanib kelayotganligi misollar yordamida tushuntirildi.

O’zbekiston Davlat jahon tillari universiteti tadqiqotchisi Gulrux Elmurodova esa “O’zbek tilshunosligida turizm matnlarining lingvomadaniy jihatlari ” nomli ma’ruzasida aholida bugungi o’zbek tilshunosligidagi asosiy jabhalardan bo’lgan turizm sohasidagi yangi so’zlarga doir ko’nikmalar shakllanishi borasida so’zladi.

Ilmiy bahs-munozaralardan keyin Gumboldt universitetida o‘zbek tilidan saboq olayotgan nemis talabalarining o‘zbek zamonaviy she’riyatidan namunalar o‘qib berishdi. Ularning chiqishlari o‘zbek adabiyotshunoslari tomonidan yuqori baholandi. Tadbir so‘nggida ijro etilgan milliy qo‘shiq va raqslar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Shuningdek, o‘zbek olimalari ushbu universitetning Markaziy Osiyo bo‘limiga zamonaviy o‘zbek adabiyotiga badiiy va ilmiy kitoblarni sovg‘a qilishdi. Tadbir doirasida o‘zbek milliy kiyimlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Farida Egamberdiyeva,

Oriental (Al Bukhari) universiteti dotsenti