Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan videoselektor yigʻilishida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrda tasdiqlangan “Oʻzbek tilining davlat tili sifatida qoʻllanilishini kengaytirish, rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻqitish metodikasini takomillashtirish boʻyicha 2019-2020-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi” yuzasidan vazirlik tizimida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.

Yigʻilishda departament mudiri Abdugʻaffor Qirgʻizboyev, oliy taʼlim muassasalari rektorlari va filiallar rahbarlari, Oʻzbek tili va adabiyoti kafedralari mudirlari, Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari rahbarlari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Yigʻilish ishtirokchilari tomonidan oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va maqomini oshirish borasidagi sayʼ-harakatlar tilimiz ilm-fan tili sifatida rivojlanishiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Yangi oʻquv yili oldidan oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarini kitob va darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, bilan taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ayni paytda vazirlik tizimidagi barcha oliy taʼlim muassasalarida Oʻzbek tili va adabiyoti kafedralari faoliyat olib bormoqda. Ularning 7 tasida “Oʻzbek tili va adabiyoti”, 13 tasida esa “Filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili” taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlanyapti.

2019-2020 oʻquv yilida Filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili bakalavr yoʻnalishida 7522 nafar, Oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishida 3895 nafar bakalavrlar tayyorlangan boʻlsa, 172 nafar talaba lingvistika (oʻzbek tili) magistratura mutaxassisligiga, 94 nafar talaba Oʻzbek tili va adabiyoti magistratura mutaxassisligiga ega boʻldi. Oʻzbek filologiyasi yoʻnalishida tayyorlanadigan tadqiqotchilar 239 nafarni tashkil etdi.

Videoselektor yigʻilishida Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuhrat Sirojiddinov, Oliy taʼlim muassalari faoliyatini muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi boshligʻi Abduvali Holiqov hamda vazirlikning oliy taʼlim standartlari va normativ taʼminoti bosh boshqarmasi boshligʻi Saidmurod Niyozbekovlar nutq soʻzlab, yuqorida koʻrsatilgan farmon va dastur dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, oliygohlardagi oʻzbek tili kafedralarining faoliyati, istiqboldagni rejalar yuzasidan maʼlumotlar berdilar.

Yigʻilish soʻngida ishtirokchilar mutasaddilarga oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, bir qator taklif va mulohazalarini bildirdilar.